Devon rahbaridan kattaroq. Yermak qanday qilib Ukrainadagi ikkinchi shaxsga aylangan?
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning rasmiy tadbirlardagi deyarli barcha suratlarida uning yonida bo‘yi baland odam egilibroq turganini ko‘rish mumkin. Bo‘ydagi farq hisobga olinsa, bir lahza uning salobati Zelenskiyni ham bosib qo‘yayotganday ko‘rinadi.
Ukraina prezidenti devoni rahbarlarining ko‘pchiligi haqida u o‘z boshlig‘idan ham ko‘proq vakolatga ega deb gapirishgan. Ammo faqat hozirgi devon rahbarini «vitse-prezident» deb atashadi. U ham avvalgi hamkasblari kabi katta lavozimga ega bo‘lgani uchun ko‘plab mojarolarga aralashishga ulgurdi. Bu salobatli inson misolida juda ziddiyatli shaxs mujassam bo‘lgan: bir qarashda u «kulrang kardinal»ga o‘xshasa, boshqa tomondan, frontdagi voqealarga Telegram-kanalida emodzilar bilan munosabat bildirib, vaziyatga juda yengil qarayotgandek taassurot qoldiradi.
Volodimir Zelenskiy o‘z devoni rahbari haqida gapirganda, uni «kuchli menejyer», «haqiqiy vatanparvar» deb ataydi, ammo u haqda gapirganda juda ko‘p «ishonaman» degan so‘zni ishlatadi. Xo‘sh, Zelenskiy administratsiyasi rahbari Andrey Yermak kim o‘zi?
Kinodan siyosatga
Andrey Yermak 51 yoshda. U ham xuddi Zelenskiy kabi siyosatga yangi kirib kelganlardan. «Hukumatga ko‘p marta deputat, vazir lavozimlarida kirish imkoniga ega bo‘lib, har safar rad etganman», degandi Yermak intervyularidan birida.
Kiyev xalqaro aloqalar instituti bitiruvchisi bo‘lmish Yermak 2019 yilgacha huquqiy faoliyat bilan shug‘ullangan. U ishlayotgan korxonaning asosiy mijozlari yirik telekanallar va xalqaro kompaniyalar edi. Masalan, Disney, Pixar va Universal kabi. Siyosatga o‘tishidan avval Yermak bir necha filmlarga prodyuserlik ham qilgan.
Bu sohadagi faoliyati uning kelajagiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Faoliyati davomida ko‘plab amerikalik aktyorlar bilan tanishgan Yermak bu aloqalaridan kelajakda ham foydalandi. Uning hayotidagi muhim o‘zgarishlardan biri esa Ukrainadagi yirik telekanallardan biri – «Inter» bosh prodyuseri bilan tanishgani bo‘ldi. Bu prodyuser – Volodimir Zelenskiy edi.
Ularning tanishuvidan ancha vaqt o‘tgach Zelenskiy Yermak haqida eslar ekan, u avvaliga bosib olingan hududlar masalasi bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallashi kerak bo‘lganini aytadi. Ya’ni bu lavozimda u Rossiya bilan asirlar almashish jarayonida muzokaraga kirishishi ko‘zda tutilgandi. Keyinchalik hukumatdagi lavozimi Yermakka Rossiya bilan aloqada bo‘lishni qiyinlashtiradi degan qarorga kelishdi va u Zelenskiyning yordamchisi lavozimini egalladi.
Yermak bir qarashda kichik mansabda bo‘lgan o‘sha vaqtda ham mamlakat tashqi siyosati borasidagi ko‘p ishlarni bajarardi. Ba’zan uning harakatlari samara berib, «poroshenkochi bo‘lgan» bir necha elchini almashtirishga erishadi. Ba’zan esa norasmiy diplomatik faoliyati muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.
Yermakning faoliyatidagi eng shov-shuvli holat shubhasiz AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp bilan bog‘liq. Uning Tramp atrofidagi odamlar, xususan, AQSh sobiq prezidentining advokati Rudi Juliani bilan yaqin munosabat o‘rnatishga urinishi bilan bog‘liq voqealar rivoji oxir-oqibat Trampga qarshi impichment da’vosi bilan tugadi. O‘sha vaqtda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Yermak Trampning advokatiga Ukraina hozirgi prezident Baydenning o‘g‘li Hanter Baydenning mamlakatdagi faoliyati bilan bog‘liq tekshiruv boshlashga tayyorligini aytgan.
Bu mavzu keyinchalik Tramp va Zelenskiyning telefon suhbati vaqtida ham muhokama qilingan. Ularning o‘zaro uchrashuvida ham bu masala ko‘tarilgach, AQShda Tramp bo‘lajak saylovdagi raqibini kuchsizlantirish uchun boshqa davlat rahbariga bosim o‘tkazmoqda deb hisoblashdi va unga qarshi impichment harakati boshlanib ketadi. Oqibatda Ukraina va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarda sovuqlik hukm sura boshlaydi. Bir muddat AQShda Ukraina bilan munosabatlarga «xushlanmaydigan masala» deb ham qarashgandi.
Andrey Yermak esa o‘sha vaqtda aqlli harakat qilib, Ukraina ichkarisidagi vaziyatni iziga tushira olgandi. U Zelenskiyga bosim qilib bo‘lmasligi, amerikaliklar ichki muammosini o‘zi hal qilib olishi kerakligini odamlarga tushuntiradi.
Rossiya bilan munosabatlardagi asosiy odam
Yermak e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan asosiy mavzu – Rossiya edi. Zelenskiy prezidentlikka kelganidan keyin aynan Yermak Rossiya bilan muloqotdagi norasmiy vakil Viktor Medvedchukning o‘rnini egallaydi. O‘z navbatida, Rossiyada ham Ukraina bilan muloqotdagi norasmiy vakil o‘zgaradi: Vladislav Surkov o‘rniga Dmitriy Kozak.
2019 yilda tomonlar 35 nafardan asir almashadi. Buni Yermakning ilk siyosiy yutug‘i deb atash mumkin. Ukrainaga qaytarilganlar orasida kinorejissyor Oleg Sensov ham bor edi. Aynan o‘sha asirlar almashinuvidan keyin ukrainaliklar Andrey Yermak haqida gapira boshlashdi.
Keyinchalik Yermak manziliga juda ko‘p tanqidlar yog‘dirildi. Xususan, Donbassning bosib olingan hududlarida «Shtaynmayyer formulasi» bo‘yicha saylov o‘tkazish algoritmi ishlab chiqilganidan keyin. Kiyev markazida minglab ukrainaliklar Zelenskiydan «qiziq chiziqni bosmaslikni talab qilib» namoyish o‘tkazishdi. Ammo aynan mana shu tajriba ortidan Yermak Ukraina, Rossiya, Fransiya va Germaniya yetakchilarini bir stol atrofiga to‘play oldi. To‘g‘ri, bu uchrashuvda tinchlik kelishuviga erishilmadi, ammo uchrashuv o‘tkazilgani ham katta gap edi. Aynan o‘sha uchrashuvdan keyin Andrey Yermak Rossiya va Ukraina munosabatlaridagi asosiy muloqotchiga aylandi.
«Vagnerchilar» mojarosi
Yermak Rossiya bilan muloqotda asosiy figuraga aylangan bir vaqtda esa Ukrainada Zelenskiy prezidentligi davridagi ilk jiddiy mojaro yuzaga keldi. Bu mojaroni OAVda «vagnergeyt» deb ham atashadi (AQShdagi «Uottergeyt mojarosi»ga qiyosan). 2021 yil kuzida surishtiruvchi jurnalistlar Ukraina maxsus xizmatlari «Vagner»ning o‘nlab jangchilarini Rossiyadan chaqirib olib, Ukraina hududida qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiyasi fosh bo‘lganini yozib chiqishdi.
Bellingcat nashrining yozishicha, aynan Andrey Yermakning operatsiyani bir necha kunga ko‘chirishni so‘ragani uning barbod bo‘lishiga olib kelgan. Zelenskiyning raqiblari Yermakni to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga ishlashda ayblashdi. Uni bu borada ochilgan ish doirasida ikki marta so‘roq ham qilishgan. Hukumat tarqatgan turli ma’lumotlar esa bu borada mish-mishlarni ko‘paytiradi: avvaliga Zelenskiy va Yermak operatsiya o‘ylab topilgan gapligini aytishdi, keyin esa ular bu operatsiya chindan boshqa davlat maxsus xizmatlari tomonidan o‘ylab topilgani, Ukrainaning unga aloqasi yo‘qligini ma’lum qilishdi. Oxir-oqibat vaziyatga Zelenskiyning o‘zi nuqta qo‘yib, Yermakka ishonishi, razvedkaning unga hech qanday gumoni yo‘qligini aytgandi.
2021 yil bahor oyida Rossiya Ukraina bilan chegarada o‘n minglab askarlarni to‘play boshladi. Shunday keyin Zelenskiy Yermakka muhim topshiriq berdi: Putin bilan yuzma-yuz uchrashuvni tashkil qilish. Zelenskiy o‘shanda Donbassning har qanday nuqtasida uchrashishga tayyorligini aytdi, Putin esa uni Moskvaga taklif qildi. Yermak uchrashuvni tomonlarning ikkisini ham qoniqtiradigan formatda tashkil qilishi kerak edi.
Bugun Putin va Zelenskiyning uchrashuvi o‘tkazilmaganini bilamiz. Yermak esa Ukraina hukumatidagi juda ko‘pchilik insonlar kabi Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bostirib kirish ehtimolini juda past baholagandi. «Demak, gap bunaqa: xavf juda yuqori, lekin umid qilamanki, bu sodir bo‘lmaydi», degandi Yermak 2021 yil dekabrida bergan intervyusida.
Yermak va Kozak o‘rtasidagi oxirgi uchrashuv urush boshlanishidan ikki hafta avval, 2022 yil 10 fevral kuni bo‘lib o‘tgan. O‘sha suhbat yakuniga ko‘ra, Yermak uch tomonlama muloqot faoliyatini tiklashga kelishib olganini aytgandi. Keyingi safar esa Yermak Kozak bilan 24 fevral kuni tongda telefonda gaplashadi...
«Andrey Yermak jiringlayotgan telefoniga qaradi. Bu Kreml edi... O‘zining aytishicha, o‘sha vaqtda o‘zini qo‘lga ola bilmagan. Telefon bir marta jiringladi, keyin yana. U nihoyat javob berdi va Dmitriy Kozakning bo‘g‘iq ovozini eshitdi. Kozak Ukraina taslim bo‘lishi kerakligini aytdi, Yermak esa so‘kinib telefonni o‘chirib qo‘ydi», deb yozadi o‘sha suhbat haqida o‘z reportajida Washington Post muxbiri.
Urush boshlanishi bilan Andrey Yermakning mamlakatdagi ta’siri oshib boraverdi. Asosan tashqi siyosat bilan shug‘ullangan Yermak prezident Zelenskiy strategik sheriklar bilan muzokaralardan boshi chiqmay qolgan bir vaqtda mamlakat ichki ishlari bilan ham shug‘ullanishni boshladi.
«Prezidentning menejyeri»
«Men bor e’tiborimni prezident qo‘ygan vazifalarni bajarishga qarataman. Men – prezidentning menejyeriman. Vazifam topshiriqlarni kichik detaligacha e’tibor berib bajarish, ularga muddat belgilash va ijrosini nazorat qilishdan iborat», deydi Yermak o‘z vazifasi haqida gapirar ekan.
Urush boshlanishi bilan Yermakning oldiga qator prinsipial yangi vazifalar qo‘yiladi. NATO sobiq bosh kotibi Andres Fog Rasmussen bilan «Kiyev xavfsizlik hujjati» deb nomlanuvchi ichki guruh tuzadi – uning vazifasi Ukraina urush tugashigacha qabul qilinishini xohlovchi xavfsizlik kafolati loyihasini ishlab chiqish edi. AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol bilan esa boshqa bir ishchi guruh tuzib, Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga aloqador rossiyaliklarni aniqlab, ularga qarshi sanksiyalar qo‘llash, urushni moliyalashtirayotgan tashkilotlarni aniqlash bilan shug‘ullanadi.
Yermak Rossiya bosqinida ishtirok etganlarga qarshi xalqaro tribunal tashkil qilinishi loyihasini ham shaxsan nazorat qiladi. Aynan u «Katta yettilik» davlatlariga Zelenskiy nomidan tinchlik rejasi taqdimotini o‘tkazgandi. Aynan Yermak o‘zining eski tanishlarini ishga solgan holda dunyo shou biznesi yulduzlarini Ukrainaga olib kelishda davom etmoqda. Bundan maqsad – ko‘proq odamlar e’tiborini urushga qaratishdan iborat.
Uning sa’y-harakatlari natijasida odamlar Bono Kiyev metrosida qo‘shiq kuylagani, Anjyelina Jyuli havo hujumidan ogohlantiruvchi trevoga sirenalari ostida Lviv temiryo‘l bekatidagi bombapanaga yashiringani, Shon Penn ukrainlar g‘alabasiga ishongani bois o‘ziga tegishli «Oskar» haykalchasini urush oxirigacha saqlash uchun Ukraina prezidentiga berganiga guvoh bo‘lishdi.
Yermakning jamoasi urushni yoritish bo‘yicha mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi axborot maydonida juda faol bo‘lishdi. Yanvar oyida ishdan ketgan Oleksiy Arestovich va polittexnolog Mixaylo Podolyak bu borada ayniqsa faol bo‘lishdi. Yermakning o‘zi ham urushni yoritishda faol qatnashmoqda va bu borada o‘ziga xos uslub ham yarata oldi. U Telegram-kanalida frontdagi voqealarni emodzilar yordamida ifodalashni odat qilgan. Masalan, Yermak kanalida rebus shaklidagi emodzi qo‘ysa, bu Kiyev muzokaralarda yoki frontda muvaffaqiyat qozonganidan dalolat beradi.
Va bu hammasi emas. Yermak Zelenskiyning barcha xorijiy tashriflarida hamrohlik qilib strategik muzokaralarda qatnashmoqda. Ukrainani tiklash va asirlar almashinuvi bo‘yicha muzokaralarni ham aynan Yermak olib bormoqda. Bu orqali u tashqi ishlar vaziri yoki bosh vazirni soyada qoldira boshladi. Masalan, «Motor Sich» zavodi direktori Vyacheslav Boguslayev o‘zini davlatga xiyonatda ayblanganlar bo‘yicha almashuv ro‘yxatiga kiritishni so‘rab, prezident Zelenskiy yoki asirlar almashinuvi bo‘yicha rasman mas’ul Kirill Budanovga emas, aynan Andrey Yermak nomiga ariza yozgan.
BBC ma’lumotiga ko‘ra, Yermak Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy bilan birga amerikalik hamkorlar bilan o‘ta muhim masalalar, xususan, Ukrainaning frontdagi rejalari borasida muhokama o‘tkazadi. «Prezident devoni rahbari bilan bir jamoa bo‘lib harakat qilamiz. Uning muzokaralardagi tajribasi Ukraina armiyasini xorijda qo‘llashlari uchun juda muhim», degan u bilan munosabati haqida bosh qo‘mondon Zalujniy.
Qadrlar masalasi
Ukraina ichki siyosatida Yermak Zelenskiy prezidentligining ilk kunlaridan katta ta’sirga ega bo‘lgan. Masalan, u Zelenskiyning «Sluga naroda» partiyasi uchun nomzodlar taklif qilgan. U taklif qilgan odamlardan biri hozir Ukraina bosh prokurori lavozimida ishlayotgan Andrey Kostin hisoblanadi.
Ammo Yermak uchun haqiqiy yulduzlik onlari 2020 yil fevralda – Ukraina prezident devoni rahbari bo‘lganida boshlanadi. Yermak bu lavozimda Andrey Bogdanning o‘rnini egallagandi.
«Bu ikki kishilik simbioz (ikki organizmning bir tanada yashashi) va uni Zelenskiy boshqaradi. Har qanday bo‘lmag‘ur gap bo‘lsa ham u «Demak, gap bunday, o‘rtoqlar. Kiringlar, prezident zo‘r g‘oya berdi», deydi. Yermak unga hech qachon yo‘q demaydi», degandi Bogdan o‘z iste’fosidan keyin Yermak uning o‘rnini egallagani haqida.
Yermak prezident devoni rahbari lavozimini egallaganidan bir hafta o‘tiboq jiddiy mojaroga aralashib qoladi. Uning ukasiga o‘xshagan shaxs odamlarni davlat organlariga ishga joylab qo‘yishini aytib, pul so‘rayotganini aytgan video tarqaladi. Yermak buni prezident devoniga qaratilgan hujum deb atagandi. Uning himoyachilari bu videodagi odamlardan birortasi davlat lavozimida ish boshlamaganini ma’lum qilgan. Yermakni Zelenskiy ham himoya qilib chiqqan va yagona muammo uning ukasi laqmaligida ekanini aytgandi.
2020 yil yozida Viktor Yanukovich prezidentligi davrida Ukraina ichki ishlar vazirligida yuqori lavozimda ishlagan va 2013-14 yillardagi Yevromaydan ishtirokchilarini ommaviy qo‘lga olishda ayblangan Oleg Tatarov prezident devonida Yermakning o‘rinbosari etib tayinlanadi. Uni devonga Yermakning o‘zi taklif qilgandi. Bu esa Ukraina prezidenti devoni manziliga keskin tanqidlar yog‘ilishiga sabab bo‘ladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Tatarov Ukraina prezidenti devoni va mamlakatdagi kuch tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan. Norasmiy ravishda esa u Ukrainada forma kiygan barchaning ustidan nazoratga egaligi aytiladi.
Urush boshlangach, Yermakning Ukraina ichki siyosatidagi roli ham oshib bordi. Bihus.info sayti jurnalistlari oxirgi vaqtlarda Andrey Yermakka yaqin odamlar Ukraina mudofaa vazirligi, Milliy bank, kuch ishlatar tuzilmalar va davlat kompaniyalarida yuqori lavozimlarga qabul qilinganini yozishdi. Kiyev oblastining sobiq rahbari, devonning hududlar bilan faoliyatini muvofiqlashtirishga javobgar Andrey Kuleba esa uning ishlari boshqaruvchisi deb aytiladi.
Shu o‘rinda Ukraina prezident devonining mamlakatdagi yirik shaharlar merlari bilan munosabati murakkabligini ham ta’kidlash kerak. Bunga misol sifatida, Chernihiv meri Vladislav Atroshenkoning sud orqali ishdan olinganini keltirish mumkin. Korrupsiyada ayblangan Atroshenko buni Zelenskiy administratsiyasining o‘ziga qarshi qasosi deb atagandi. Bu narsalar haqida hududlarda gapirishga yo‘l qo‘yishmaydi.
«Tekshiruvlar urush boshlangan vaqtdagidan ham ko‘payib ketdi. Zelenskiy jamoasi go‘yoki urushni yengishdi va endi raqiblarni parchalashga kirishgandek», degan BBC bilan suhbatda Kiyev meri Vitaliy Klichko jamoasining yuqori mansabli vakillaridan biri.
Zelenskiy ofisi vakillari esa bu ayblovga javoban hozir ichki siyosat bilan shug‘ullanishmayotgani, bor e’tibor urushga qaratilganini aytishgan.
«Hozir tushunarli sababga ko‘ra, ichki siyosat degan narsa yo‘q. Hozir ichki siyosat bilan shug‘ullanayotganlar mamlakat foydasiga ishlayotgan odamlar emas», degandi dekabr oyidagi intervyusida Andrey Yermak.
Kongressdan ayblov
Andrey Yermak manziliga faqat Ukrainadan emas, hatto AQShdan ham ayblovlar yog‘ilgan. Masalan, AQSh Vakillar palatasiga respublikachilardan saylangan, kelib chiqishi ukrainalik bo‘lgan Viktoriya Sparts Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Rossiyaga ishlashini iddao qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yermak yuqorida nomi tilga olingan yordamchisi Oleg Tatarov yordamida mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi kurash islohotlarini ham to‘xtatib turibdi.
«Bu odamning vakolati juda kengayib ketgan. Zelenskiy Yermakka juda ishonadi. U prezidentga ma’lumotlarni faqat o‘zi orqali va o‘zi xohlagan shaklda yetkazadi», degan BBC bilan suhbatda Ukraina hukumati vakili ismi sir qolishi sharti bilan.
Yermakni yaqingacha hazil ma’nosida vitse-prezident deb atab kelishardi, ammo oxirgi vaqtlarda bu borada gaplar jiddiy tus olmoqda.
«Bunaqa gaplar bizning siyosatimiz uchun yangilik emas. Jamoadagi jipslik kimgadir yoqmasa, darrov qandaydir ig‘vo tashlashga harakat qilishadi. Ha, men tashabbuskor insonman, kerakli vaqtda mas’uliyatni zimmamga olishdan ham qo‘rqmayman. Ammo bir gapni yana takrorlayman: men shu prezident bilan keldim va u bilan ketaman. U bo‘lmasa, hech qachon siyosatga qadam bosmagan bo‘lardim. Men bu yerda aynan u uchunman», degan Yermak o‘ziga nisbatan «vitse-prezident» iborasi ishlatilishiga javoban.
BBC bilan suhbatlashgan siyosatchi Volodimir Fasenkoning aytishicha, Ukraina prezidenti devoni rahbarlari katta vakolatga egaligi haqida gaplar mamlakat siyosati uchun yangilik emas: Leonid Kuchma vaqtida Viktor Medvedchuk haqida, Viktor Yushchenko vaqtida Viktor Baloga haqida, Viktor Yanukovich vaqtida Sergey Levochkin haqida shunday deyishgan.
«Prezident devoni rahbari lavozimiga o‘z statusini saqlay oladigan kuchli odam kelsa, u shubhasiz mamlakatning ikkinchi yoki uchinchi odamiga aylanadi. Yermak ana shunday kuchli inson», deydi ekspert.
Bu borada yana bir mulohaza paydo bo‘ladi. Hozirgi prezident urush holatida mamlakatni boshqarmoqda va u siyosatga yangi kirib kelgan. Prezident devoni faoliyati esa konstitutsiya yoki boshqa hujjatlarda belgilab qo‘yilmagan. Shunday ekan, BBC bilan suhbatda bo‘lgan siyosatchi Petro Burkovskiyning aytishicha, devon har qanday hajmdagi boshqaruv mas’uliyatini gardaniga olishi mumkin.
Uning fikricha, Ukrainada rasman bosh vazir prezidentdan ko‘proq vakolatga ega, chunki aynan u hukumat boshqaruvchisi hisoblanadi. Ammo bugungi Ukraina prezident devonida bu kuchga parallel bo‘lgan boshqa kuchli tizim shakllangan. «Bu odam (Yermak) nimalarni nazorat qila olishi unchalik muhim emas, masala bu odamning vakolatini hatto konstitutsiya qandaydir shaklda cheklamaganida», deydi siyosatchi Burkovskiy.
Yermak Ukrainada bunchalik katta vakolatlarga ega ekani bu narsaga Zelenskiy qarshi emasligidan dalolat beradi. Lekin Yermak o‘z vakolatidan nima maqsadda foydalanmoqda? Uning qilayotgan hamma ishlaridan Zelenskiyning xabari bormi? Burkovskiyning fikricha, bu boradagi barcha mas’uliyat to‘laligicha Volodimir Zelenskiyning gardanida bo‘ladi.
BBC maqolada keltirilgan gaplar yuzasidan Andrey Yermakdan izoh so‘rab murojaat qilgan, ammo hozircha tegishli javob olgani yo‘q.
Mavzuga oid
17:58 / 11.11.2024
Britaniya va Fransiya Baydenni Ukraina Storm Shadow raketalaridan foydalanishiga ruxsat berishga ko‘ndirmoqchi
09:00 / 11.11.2024
Kiyev: Tramp inauguratsiyasigacha «tinchlik rejalari» haqidagi gaplar asossiz
08:19 / 11.11.2024
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ko‘ndirmoqchi
21:05 / 10.11.2024