Saida Mirziyoyeva o‘zbekistonlik va afg‘onistonlik qizlarga sertifikat topshirdi
Qizlar Termiz shahridagi IT oromgohida bilim va ko‘nikmalarini oshirishdi.
12 iyun kuni Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparati kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva Termiz shahridagi 13- va 26-umumta’lim maktablarining IT oromgohida ta’lim olgan o‘quvchi qizlarga sertifikat topshirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ushbu tadbir talabalarning muvaffaqiyati va salohiyatini aks ettiruvchi muhim voqea ekanligini yozdi.
«Termiz shahridagi 13- va 26-umumta’lim maktablarining IT oromgohida ta’lim olgan o‘quvchi qizlarga sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu men uchun juda muhim voqea.
Birinchidan, qizlar zamonaviy IT sohasining sir-asrorini egallayotganini ko‘rib, qalbim quvonchga to‘lyapti. Bu IT oromgohi qizlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini uyg‘otishda muhim qadam bo‘ldi.
Ikkinchidan, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan bunday oromgohlar, to‘garaklar, o‘ziga xos kurslar mamlakatimiz prezidenti rahbarligida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasiga misoldir», deb yozdi u.
Mirziyoyeva, shuningdek, ikkala maktab o‘quvchilari orasida afg‘onistonlik qizlar borligi, O‘zbekiston o‘z mamlakatida qiyinchiliklarga duch kelgan qizlarning bir necha nafariga bo‘lsa-da, orzusini ro‘yobga chiqarishga yordam berayotganidan faxrlanishini ta’kidladi.
«Ikkala maktab o‘quvchilari orasida afg‘onistonlik qizlar bo‘lib, ular ham ixtisoslashtirilgan oromgohda ta’lim olishgani juda muhim. Qo‘shni mamlakatda ta’lim olmoqchi bo‘lgan qiz-ayollar qanday qiyinchiliklarga duch kelishini hammamiz yaxshi anglaymiz. Men O‘zbekiston ularning bir necha nafariga bo‘lsa-da, orzusini ro‘yobga chiqarishga yordam berayotganidan faxrlanaman.
Bugun qo‘liga sertifikat olgan har bir qiz hayotda yuksak marralarni zabt etishiga, o‘zini yuqori malakali mutaxassis sifatida namoyon etishiga umid qilaman va ishonaman. Orzularingiz ro‘yobga chiqsin, singillarim!» deb yozdi u.
Mavzuga oid
07:03
Saida Mirziyoyeva talabalar bilan uchrashdi
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
23:45 / 08.11.2024
“Agar jurnalist haq bo‘lsa, biz uni tan olishimiz kerak” – prezident
18:05 / 06.11.2024