O‘zbekiston | 12:29 / 13.06.2023
22165
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda YTH oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi

Kegeyli tumani hududida Lacetti qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, Labo bilan to‘qnashgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

12 iyun kuni Nukus shahridan Chimboy tumani yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan ikki mashina to‘qnashish oqibatida ikki kishi vafot etdi va ikki kishi jarohatlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shu kuni soat 14:30 da Nukus-Chimboy-Taxtako‘pir avtomobil yo‘lining 43 va 44-kilometr oralig‘ida B.M. boshqaruvidagi Lacetti transport vositasi yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, R.T. boshqaruvidagi Labo avtomashinasi bilan to‘qnashgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ikki avtomobil ham bo‘linib ketganini ko‘rish mumkin.

YTH oqibatida Labo haydovchisi R.T. hamda Lacetti ichida bo‘lgan yo‘lovchi Sh. S. voqea joyida vafot etgan, haydovchi B.M. va yo‘lovchi — voyaga yetmagan A.B. turli darajadagi tan jarohatlari bilan Kegeyli tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston IIV huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.

Mavzuga oid