O‘zbekiston | 17:07 / 18.06.2023
26311
16 daqiqa o‘qiladi

Pasaygan bojlar, gaz shartnomasi va Karimov merosiga da’vo - hafta dayjesti

Bir paytlar Rossiyani gaz bilan ta’minlagan O‘zbekiston endi u yerdan gaz sotib oladi. Ayrim avtomobillarga bojlar vaqtincha bo‘lsa-da, nihoyat pasaytirildi. Shveytsariya banki O‘zbekistonni poraxo‘rlik avj olgan davlatlar ro‘yxatiga qo‘shdi. Yakunlanayotgan haftaning va shu boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Dvigatel hajmi 1 litrgacha bo‘lgan avtomobillar uchun bojlar bekor qilindi

Saylov arafasida, xorijdan avtomobil olib kirish uchun belgilangan bojxona to‘lovlari kamaytirildi. Bu safargi pasaytirish eng arzon segmentdagi avtomobillarga qaratilgani e’tiborli. Chunki shu paytgacha bojlarning pasaytirilishi ko‘pincha budjet bo‘lmagan modellarga taalluqli bo‘lar, natijada aksariyat iste’molchilar biror o‘zgarishni sezmasdi.

Bu safar esa ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan, dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun bojxona boji to‘liq bekor qilindi. Bunga qadar bunday avtomobillar uchun 15 foiz va unga qo‘shimcha har bir kub sm uchun 40 sentdan boj to‘lanardi. Shuningdek, yangi qaror bilan, dvigatelining ishchi hajmi 1000 sm kubdan 1200 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun 15 foizlik boj 5 foizga tushirildi, qo‘shimcha koeffitsiyentlar esa bekor qilindi.

Natijada dvigatel hajmi 1 000 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun bojxona to‘lovlarining jami miqdori o‘rtacha 41 foizdan taxminan 21 foizga kamayadi. Ya’ni 10 ming dollarlik avtomobilni bojxonadan o‘tkazish xarajati avval 4 ming dollar bo‘lgan bo‘lsa, endi 2 ming dollarga tushadi. Eslatib o‘tamiz, boj nollashtirilgani bilan, 12 foizlik QQS va 850 dollar atrofidagi utilizatsiya yig‘imi saqlanib qolmoqda.

Dvigateli 1000–1200 sm kub sig‘imli avtomobillarni olib kirish xarajatlari esa o‘rtacha 48 foizdan taxminan 33 foizga kamayyapti. Misol sifatida aytsak, endi 20 ming dollarlik avtomobilni olib kirish uchun bojxonada avvalgidek 10 ming dollar emas, 7 ming dollar to‘lash kerak.

Dvigatelining sig‘imi 1 litrdan oshmaydigan avtomobillar ko‘pincha shahar sharoitida haydash uchun mo‘ljallangan arzon hetchbeklar bo‘lib, kam benzin sarflaydi. Misol uchun, Matiz 0,8 litrli dvigatel bilan, uning Best komplektatsiyasi esa 1 litrli dvigatel bilan jihozlangan. Taqqoslash uchun, Chevrolet Spark oxirgi yillarda 1,25 litr hajmli dvigatel bilan ishlab chiqarilayotgan edi.

1,2 litr hajmdagi dvigatellar esa yoqilg‘i-tejamkor sedanlarda uchraydi. UzAuto Motors ishlab chiqarayotgan Chevrolet Onix va Tracker avtomobillarining atmosferali va turbo dvigatellari sig‘imi aynan shuncha. Xitoyda esa Onix'ning 1 litr ishchi hajmga ega turbo dvigatel bilan jihozlangan varianti ham ishlab chiqariladi.

Bojlarning pasaytirilishi ichki bozorda qanaqa yangi takliflarni yuzaga keltirishini vaqt ko‘rsatadi. Budjetbop variantlar paydo bo‘lishini kutayotganlar notarif to‘siqlarni unutmasligi kerak. Chunki sertifikatsiya bilan bog‘liq murakkabliklar aynan yangi modellarni olib kirish xarajatlarini oshirishi mumkin. Qolaversa, yakuniy narx ichidan bojxona to‘lovlaridan tashqari logistika xarajatlari va dilerning xizmat haqi ham o‘rin oladi.

Shunisi ahamiyatliki, dvigatel hajmi 1000-1200 sm kub oraliqda bo‘lgan avtomobillar tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasida alohida ajratilmagan edi. Ya’ni shu paytgacha dvigateli 1000 kubdan 1500 kubgacha bo‘lgan avtomobillar bitta tovar pozitsiyasi sifatida hisoblab kelingan. Bojlarning pasayishi ana shu pozitsiyani to‘liq qamrab olganida edi, “rastamojka ochildi” deb bemalol aytsak bo‘lardi. Chunki jahonda ishlab chiqariladigan budjet avtomobillarining katta qismi aynan 1300-1500 sm kub sig‘imli dvigatel bilan jihozlangan. Bunday avtomobillar uchun esa amalda 15 foiz va har bir sm kub uchun 60 sentdan boj to‘lovi saqlanib qolyapti.

Aniqlik kiritib aytish kerakki, eng arzon avtomobillar uchun bojxona bojlarining pasayishi ham vaqtinchalik. Pasaytirilgan stavkalar 2,5 yil davomida amalda bo‘ladi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab bojlar yana ko‘tarilishi mumkin.

Saylov arafasidagi boshqa yangiliklar

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev hafta davomida saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Andijon va Namangan viloyatlariga bordi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda bir qator yangiliklar e’lon qilindi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, talaba xotin-qizlar uchun soliq imtiyozi kengaytiriladi. Endilikda istalgan fuqaro OTMda o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontraktini to‘lab bersa, buning uchun daromad solig‘idan ozod etiladi. Ya’ni bu imtiyoz faqat talabalarning ota-onasi yoki eriga nisbatan qo‘llanishi haqidagi qoida bekor qilinadi. Shuningdek, xorijda o‘qiyotgan yoshlarning o‘qishini O‘zbekistondagi oliygohlarga grant asosida ko‘chirishga ruxsat beriladi.

Asosiy yangiliklardan yana biri – “Ochiq budjet”ga ajratiladigan mablag‘lar 3 barobarga oshiriladi va unda g‘olib chiqish uchun 1,5 mingta ovoz to‘plash yetarli bo‘ladi. Prezident, shuningdek, aholining mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorliklari bo‘yicha hisoblangan 500 milliard so‘m penya kechib yuborilishini aytdi. 14 iyun kuni imzolangan qaror bilan, yerdan hujjatsiz foydalanayotgan fuqarolarga yer solig‘ini 3 karra oshirilgan stavkada soliq hisoblash 1 yilga to‘xtatildi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchilarga ham soliq qarzligi, penya va jarimalar bo‘yicha yengilliklar berildi.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonga tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilganidan keyin, Toshkentdan Nukusga yetib borish vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi. Shuningdek, yil oxirigacha “Toshkent-Andijon” pulli avtomobil yo‘lini qurish ishlari boshlanadi. Yo‘l Jahon banki ko‘magida qurib bitirilgach, Andijondan Toshkentga kelish vaqti hozirgi 5 soatdan 3 soatgacha qisqarishi aytildi. Bundan tashqari, vodiy aholisi uchun “Andijon–Farg‘ona–Qo‘qon–Namangan–Andijon” temiryo‘l halqasi bo‘ylab 4 ta elektropoyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentlikka nomzod Namanganda islomiy moliya xizmatlariga keng yo‘l ochib berilishi, QQSni qaytarish shartlari 15 tadan 5 taga qisqartirilishi, 107 ta davlat xizmati bo‘yicha to‘lovlar miqdori 2 baravar kamaytirilishini ham aytib o‘tdi.

Rossiyadan gaz xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi

Qishdagi energiya kollapsi sabab metan-shoxobchalar bir necha oyga yopilganidan keyin, o‘tgan oylarda O‘zbekistonning Rossiyadan benzin importi ikki barobarga ko‘paygan edi. O‘shandagi energokrizisning yana bir oqibati 16 iyun kuni rasmiylashtirildi: O‘zbekiston va Rossiya gaz masalasidagi muzokaralarni yakunlab, tegishli shartnomani imzoladi.

Shartnomaga ko‘ra, Rossiya gazini O‘zbekistonga eksport qilish 2023 yilning 4-choragidan boshlanadi. Bitimga O‘zbekiston tomonidan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “Gazprom” raisi Aleksey Miller imzo chekdi. Yana bir hujjat bilan O‘zbekistonning gaz uzatish tizimini Rossiya gazini qabul qilishga tayyorlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Hujjatlarni imzolash tadbirida izohlanmagan sabablarga ko‘ra O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ham ishtirok etdi.

Gaz bo‘yicha boshqa kelishuvlar kabi, bu shartnoma shartlari ham ochiqlangani yo‘q. Rossiya gazi qancha narxda, qancha miqdorda, qaysi muddatlarda sotib olinishi, O‘zbekiston o‘z bo‘yniga qanaqa majburiyatlar olayotgani ma’lum emas. Xuddi shunday, O‘zbekiston o‘z gazini Xitoyga qancha narxda sotayotgani ham sir tutiladi. Bu ikki ma’lumotning ochiqlanishi har bir o‘zbekistonlikka raqamlarni taqqoslash imkonini bergan bo‘lar edi.

Masalaning boshqa jihati – energetikadagi jiddiy muammolar fonida, yechim sifatida baribir Rossiyaga murojaat qilingani bo‘ldi. Gaz yuqori darajada siyosiylashgan tovar ekani, Kreml undan doimiy ravishda qurol sifatida foydalanishini inobatga olsak, energetika inqirozining sababchilari keltirgan og‘ir oqibatlar miqyosi qay darajada ekani ma’lum bo‘ladi. Shu tariqa, uzoq yillar davom etgan noratsional iqtisodiy va energetik siyosat oxir-oqibat gazga boy mamlakatni agressor davlatning gaziga muhtoj darajaga olib tushdi.

Qachondir ochiq bozor va erkin narxlarga o‘tilishi bu bog‘liqlik ortib borishi, hatto qaramlik darajasiga yetishining oldini olar balki, lekin to‘g‘ri amalga oshirilgan energetika islohoti bilan ham bu bog‘liqlikni yechish uchun qancha yillar kerak bo‘lishi – savolli masala.

Bu siyosiy masalalar fonida, bu hafta ham poytaxtning qator hududlarida elektr o‘chirilmagan kun bo‘lmadi hisob. 12 iyun kuni bosh vazir Abdulla Aripov yig‘ilish o‘tkazib, Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasiga yangi direktor tayinladi. Bu lavozimni Mirobod tumani hokimi Shuhrat Po‘latov egalladi. “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga esa Qurolli Kuchlar Bosh shtabining aloqa markazi boshlig‘i A’zam Izbosarov tayinlandi.

Karimovlar oilasi yana diqqat markazida

Hafta davomida birinchi prezident Islom Karimovning ikki farzandi haqida xabarlar tarqaldi. Ulardan biri – Gulnora Karimova go‘yoki uy qamog‘iga o‘tkazilgani haqidagi mish-mish. Internetda tarqalgan bu norasmiy ma’lumotni Kun.uz so‘roviga javoban Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi rad etdi.

Ikkinchi xabar esa rasmiy manbalardan olingan. Ma’lum bo‘lishicha, Islom Karimovning o‘g‘li Pyotr Karimov O‘zbekistonning sobiq birinchi xonimi Tatyana Karimovani sudga bergan. Uning da’vosi vorislik huquqiga oid. Ish 26 iyun kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudida ko‘rib chiqiladi. Agar sud ochiq tarzda bo‘lib o‘tsa, biz ish tafsilotlarini batafsilroq yoritishimiz mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, bu – Pyotr Karimovning otasi vafotidan keyingi ilk da’vosi emas. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasida bir necha yil ishlagan Pyotr Karimov 2018 yilda Moskvadagi sud orqali kompaniyadan o‘ziga belgilangan pullarni undirib berishni so‘ragan edi. O‘sha yil oxiriga borib masala bo‘yicha da’vogar va javobgar kelishib olgani xabar qilinib, sud ishi tugatilgan.

Pyotr Karimov – Islom Karimovning o‘tgan asrning 60-yillarida uylangan birinchi rafiqasi Natalya Petrovna Kuchmadan tug‘ilgan katta farzandi hisoblanadi. Bu haqdagi rasmiy ma’lumotlar Islom Karimov vafotidan keyin ilk marta 2017 yilda ochiqlangan edi. Pyotr o‘sha paytda Moskva viloyatida yashashi aytilgandi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Qo‘qon shahridagi bozorda katta yong‘in ro‘y berdi. Salkam 6 soat davom etgan yong‘in oqibatida “Buyuk ipak yo‘li” savdo majmuasining katta qismi zarar ko‘rdi, yuzdan ortiq tadbirkorning mollari yonib ketdi. Bozorga tutash bo‘lgan o‘ndan ortiq xonadon ham yong‘in ichida qoldi. Shavkat Mirziyoyev jabrlanganlarga hamma kerakli yordam ko‘rsatilishiga va’da berdi. Holat bo‘yicha yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish moddasi bilan jinoyat ishi ochilgan.

Toshkentning Chilonzor tumanidagi mis quvurlari ishlab chiqaradigan sexda portlash ro‘y berdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan, 16 kishi turli darajada jarohat olgan. Birlamchi xabarlarda gaz portlagani aytildi, keyinroq voqeaga texnologik jarayonning buzilishi sabab bo‘lgani ma’lum qilindi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, portlash elektr tokida ishlovchi mis chiqaradigan uskunaning qizib ketishi sababli ro‘y bergan.

Andijonda 12 nafar IIB xodimi mahkumni urib o‘ldirib qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Sud hujjatlariga ko‘ra, voqea o‘tgan yili mart oyida Shahrixon tumanidagi tergov hibsxonasida ro‘y bergan. Shu yerda ishlovchi 12 nafar ichki ishlar xodimi 32 yoshli erkakni ayovsiz kaltaklab, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan. Sud ulardan 6 nafarini 4 yil qamoq jazosiga, qolgan 6 nafarini esa 3 yil uy qamog‘iga hukm qildi.

Toshkent viloyati IIBBning mintaqaviy bo‘linmasi rahbari qamoqqa olingan. Bu viloyatda ichki ishlar tizimi to‘rtta mintaqaga ajratilgan bo‘lib, ulardan birining rahbari ustidan tergov ketyapti. Manbalarimizga ko‘ra, uning xizmat xonasidagi seyfdan 20 ming dollar naqd pul topilgan. U Bo‘stonliq tumanida profilaktika inspektorlariga ajratilgan xizmat uyini soxta hujjatlar orqali sotib yuborishga gumonlanyapti.

Surxondaryoda o‘qituvchi ayollarni do‘pposlagan erkakka hukm o‘qildi. Ikki hamkasbini urgan 34 yoshli erkak 1 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Sud hukmida yozilishicha, sudlanuvchi ikki ayolga yetkazgan ma’naviy va moddiy zararni qoplagan, jabrlanuvchilar unga nisbatan da’vosi yo‘qligini bidirgan. Hukm qonuniy kuchga kirsa, erkak jazoni manzil-koloniyada o‘taydi.

Toshkentda avtobuslar qatnovi yaxshilanishi avtobusda yuradiganlar sonini ko‘paytirdi. Shaharga yangi avtobuslar olib kelingan may oyida kuniga o‘rtacha 780 ming yo‘lovchi avtobusga chiqqan. Bu – o‘tgan yilning may oyiga nisbatan 63 foizga ko‘p. Bundan xulosa qilish mumkinki, agar kechikishlar va tiqilinchlar bo‘lmasa, odamlar bajonidil jamoat transportida yuradi. Demak, avtobuslarga haqiqatda ishlaydigan alohida yo‘laklar ajratib berilsa, yo‘lovchilar soni yana ham ko‘payishini kutish mumkin.

Toshkentga oid yana bir xabar. Iqtisodiy tadqiqotlar markazining o‘rganishlariga ko‘ra, poytaxtda ikkilamchi ko‘chmas mulk uchun o‘rtacha narxlar bir yil ichida 27 foizga oshgan. Uy-joy ijarasi narxlari esa bir yilda 8 foizga ko‘tarilgan, lekin yil boshidan buyon 12 foizga arzonlashgan. Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirobod uy-joy eng qimmat tumanlar bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistondagi eng yirik xususiylashtirish jarayonlaridan biri yakuniga yetdi. Mamlakatdagi beshinchi eng katta bank hisoblanuvchi Ipotekabankning 74 foizini Vengriyaning OTP guruhi sotib oldi. Yevropalik investorlar buning uchun 240 mln dollar to‘ladi. OTP guruhi bankdagi davlatning qolgan ulushini uch yil ichida sotib olishi ko‘zda tutilgan.

Shveytsariyaning eng yirik banklaridan bo‘lmish Credit Suisse'ga o‘zbekistonlik yangi mijozlarni jalb qilish taqiqlandi. Bankning yangi egalari pul yuvish va korrupsiya xavfini cheklash maqsadida shunday qarorga kelgan. Xavf darajasi yuqori mijozlar toifasiga O‘zbekistondan tashqari Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston va yana 20 dan ortiq davlatlar fuqarolari bor. Oddiyroq qilib aytganda, shveysariyalik investorlar O‘zbekistonni poraxo‘rlik eng avj olgan davlatlar ro‘yxatiga qo‘shgan. 

Mavzuga oid