Iqtisodiyot | 19:35 / 22.06.2023
26790
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning Yevrosiyo banki O‘zbekistonda shu’ba bankini ochmoqchi

Yevrosiyo banki boshqaruvi raisi Lazzat Satiyevaning aytishicha, bank O‘zbekistonda shu’ba bankini ochish jarayonini davom ettiryapti. Shu tariqa, O‘zbekistonda ikkinchi qozoq banki faoliyat boshlashi mumkin.

Foto: kapital.kz

Qozog‘istonning Yevrosiyo banki O‘zbekistonda shu’ba bankini ochadi. Bu haqda bank boshqaruv raisi Lazzat Satiyeva Toshkentda o‘tgan “Fintex, banklar va riteyl” 3-xalqaro PLAS-forumida ma’lum qildi.

“Yevrosiyo banki hozirda Qozog‘istonning deyarli barcha hududlarida faoliyat yurityapti, ayni paytda bank xalqaro miqyosda faol kengayib boryapti. Ayni damda O‘zbekistonda shu’ba bank ochish jarayoni davom etmoqda”, – dedi u.

Satiyevaga ko‘ra, Yevrosiyo banki biznes-jarayonlarini raqamlashtirishning yuqori darajasiga erishgan; bank chakana va korporativ biznes o‘rtasidagi sinergiyaga ham urg‘u bermoqda.

Yevrosiyo banki O‘zbekistonda shu’ba korxonasini tashkil etishi 2022 yil oxirida ma’lum bo‘lgandi. Qozog‘iston moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi dekabr oyida Yevrosiyo bankiga O‘zbekistonda shu’ba bankini ochishga ruxsatnoma bergan.

Yevrosiyo banki – Qozog‘istonda aktivlari hajmi bo‘yicha yuqori o‘ntalikka kiruvchi tijorat banki bo‘lib, bosh ofisi Olmaota shahrida joylashgan. 1994 yil tashkil etilgan bank 2020 yil 30 iyun holatiga Qozog‘iston va Rossiyada 17 ta hududiy filiali, 117 ta kassa bo‘limlariga ega.

Bank ERG guruhi ekotizimiga (mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash sohasida dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri) kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Qozog‘iston Halyk banki O‘zbekistonda Tenge Bank shu’basini tashkil etgandi

Mavzuga oid