Jahon | 22:08 / 23.06.2023
26360
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya «Alligator»lari Ukraina qarshi hujumiga asosiy to‘siq bo‘ldi - OAV 

Ukraina jangchilari vertolyotlarning uzoq masofali hujumlariga qarshilik ko‘rsata olmayapti. 

Foto: Getty Images

Ukrainaning qarshi hujumiga asosiy to‘siq Rossiyaning Ka-52 «Alligator» vertolyotlari bo‘ldi. Bu fikrni Ukraina qarshi hujumining oldingi chizig‘iga borgan Germaniyaning Bild nashri bosh muharriri o‘rinbosari Paul Ronsxaymer bildirdi. 

Ukrainalik askarlardan birining jurnalistga aytishicha, ruslar vertolyotlar bilan 8 km masofadan hujum qilmoqda, biroq ukrainalik askarlarning bunday masofada ularga qarshilik qiladigan hech narsasi yo‘q. 

«Bu Ukraina qarshi hujumida namoyon bo‘lgan asosiy muammolardan biri: havo mudofaasi yetarli emas, o‘z aviatsiyasi yo‘q, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy so‘nggi oylarda qat’iyat bilan gapirganidek, ba’zi narsalar yetishmayapti», deb yozdi Ronsxaymer. 

Shuningdek, u Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumi muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz bo‘ladimi, deyishga hali erta ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, jurnalist agar Ukraina jang maydonida muvaffaqiyatga erishmasa va G‘arb ittifoqchilari uni Rossiya bilan muzokaralarga unday boshlasa, bunday vaziyatni «dahshatli» dedi. 

Uning qayd etishicha, Ukraina prezidenti muzokara o‘tkazish va hududlarni topshirib qo‘yish mumkin emasligi haqida shunchalik ko‘p gapirganki, «bu pozitsiyasidagi o‘zgarishlarni o‘z xalqiga tushuntirishi qiyin bo‘lardi». Ronsxaymerning fikricha, Vladimir Putin aynan shu maqsadga erishmoqchi. 

Avvalroq, harbiy ekspertlar jangovar zonada jangchilar yetishmasligi sababli, Rossiya qo‘mondonligi vertolyotlardan foydalanishni boshlaganini ma’lum qilgandi. Ular potensial xavf zonasiga iloji boricha yaqinroq harakat qilmoqda, bu esa Ukraina havo mudofaasi tomonidan urib tushirilishiga olib kelmoqda. 

Mavzuga oid