Jizzaxda mashina urib yuborgan 15 yoshli o‘smir halok bo‘ldi
Hodisaga o‘smir yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tgani va yil boshidagi anomal sovuqdan buyon yo‘lning yoritilmayotgani sabab bo‘lgani aytilmoqda.
M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidan o‘tgan qismida mashina urib yuborgan 15 yoshli o‘smir halok bo‘lgan.
“Yoshlar” telekanalining “Davr” informatsoin dasturida berilgan lavhada aytilishicha, hodisa 2023 yil 22 iyun kuni soat 21:15 larda sodir bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, YTH sodir bo‘lgan joyda yo‘l chetida yoritish tizimi o‘rnatilgan. Biroq yil boshidagi anomal sovuqdan keyin unga elektr energiyasi berish to‘xtatilgan.
Tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Oybek Sultonov chiroqlar yonmasligiga texnik kamchiliklar sabab bo‘layotganini aytgan.
Biroq G‘allaorol tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘ulom Oqmirzayev anomal sovuq paytida elektrni tejash uchun yoritish tizimi o‘chirilganini va o‘shandan buyon chiroqlar yoqilmasligini, hokimiyat ruxsat bersa yoqilishini aytgan.
Tuman hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi Sahob Ermanov uning so‘zlarini rad etib, hokimiyatdan energiyani tejash uchun chiroq o‘chirish haqida buyruq berilmaganini va ishchi guruh tuzib masalani o‘rganishini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, YTH sodir bo‘lgan joy G‘allaorol shahar hududiga kiradi va shu joyda yo‘lning 8 kilometr qismi yoritilmaydi. 2023 yilning o‘zida yo‘lning shu qismida 12 ta YTH sodir bo‘lgan.
Mavzuga oid
18:30
Qoraqalpog‘istonda Lacetti kanalga tushib ketishi oqibatida uch yigit halok bo‘ldi
11:44 / 31.10.2024
Samarqandda yo‘lovchi avtobusi traktor tirkamasi bilan to‘qnashdi
17:10 / 29.10.2024
Samarqandda sodir bo‘lgan YTHda haydovchi vafot etdi
08:30 / 28.10.2024