Iqtisodiyot | 14:16 / 26.06.2023
29220
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilanmayapti. Belgilangan muhlatdan 5 oy o‘tib ketdi

Minimal iste’mol xarajatlari 18 oydan beri yangilanmayapti. Bu miqdor uzog‘i 20 yanvargacha e’lon qilinishi kerak edi. MIX miqdorining oshirilishi bevosita pensiya va nafaqalar miqdoriga ham ta’sir qiladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi rasman minimal iste’mol xarajatlari (MIX) bilan o‘lchanadi.

MIXni aniqlash tartibi 2021 yil 27 avgustdagi hukumat qarorida belgilangan. Unga ko‘ra, Statistika agentligi minimal iste’mol xarajatlari va kambag‘allik darajasini hisobot yilidagi inflatsiya darajasidan kelib chiqib, keyingi yilning 20 yanvariga qadar e’lon qilib borishi kerak.

Oxirgi marta MIX 2022 yil yanvarda 498 ming so‘m etib belgilangandi. Shundan beri o‘tgan 18 oyda yig‘ilgan inflatsiya ijtimoiy to‘lovlarga indeksatsiya qilinib, minimal iste’mol xarajatlari miqdori yangilangani yo‘q.

Statagentlik axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda MIXning yangilangan miqdori e’lon qilinadi. Agentlik rasmiysi nima sababdan shu paytgacha yangi miqdor e’lon qilinmagani haqidagi savolni ochiq qoldirdi.

Avvalroq, mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga pasaygani e’lon qilingandi. Kambag‘allik chegarasini belgilashda rasman minimal iste’mol xarajatlari o‘lchov sifatida olinishini hisobga olsak, bu statistik raqamlarni shakllantirishda bir yil oldingi 498 ming so‘mlik miqdor bilan hisob-kitob qiliganmi yoki taxminiy yangi miqdor olinganmi, bu noma’lum.

Minimal iste’mol xarajatlari miqdorining ahamiyati nimada?

Minimal iste’mol xarajatlari – moddiy va boshqa ijtimoiy yordamga muhtoj aholining maqsadli guruhini aniqlash mezoni hisoblanadi. MIX orqali kambag‘allik chegarasi belgilanadi. Moddiy imkoniyati shu chegaraga yetmagan yoki undan past oilalariga davlat tomonidan moddiy va ijtimoiy ko‘mak beriladi.

Masalan, 4 kishidan iborat oilaning bir oylik xarajatlari 1 mln 992 ming (2022 yilning 1 yanvar holatiga) so‘mdan kam bo‘lsa, bu oilaning xarajatlarini 1 mln 992 ming so‘m miqdoriga yetkazishni davlat zimmasiga olgan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 46-moddasiga asosan, pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordam turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan minimal iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas.

Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

  • moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklarga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
  • mamlakat kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatish.

Ma’lumot uchun, 2020 yilda 5,4 ming uy xo‘jaligi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakuni bo‘yicha dastlabki hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari 440 ming so‘mni tashkil etib, 2021 yilning may oyida e’lon qilingandi. Bu miqdor 2022 yilning yanvarida 13,2 foizga oshirilib, 498 ming so‘mga yetkazilgan.

Mavzuga oid