Jamiyat | 19:41 / 26.06.2023
41125
4 daqiqa o‘qiladi

Yoz mavsumida qon quyuqlashishi oqibatlari ma’lum qilindi 

Yoz issig‘ida qon quyuqlashib ketishi, bu salomatlik uchun salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Foto: Shutterstock

Jazirama iqlim sharoitida qonning quyuqlashib ketishi ko‘p uchraydi. Mutaxassislar fikricha, bu holatga e’tiborsiz bo‘lish kerak emas. Aksincha, qon tahlillari orqali uning quyuqlashib ketgani aniq bo‘lgach, vaqtida davolanish zarur. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumot berdi. 

«Qon – inson tana a’zo va to‘qimalarini kislorod hamda zarur ozuqa moddalari bilan ta’minlovchi muhim suyuqlik, — dedi Toshkent shahar tibbiy maslahat diagnostika markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Orifjon Aripov. — U infeksiyalarga qarshi kurashib, ichki a’zolar faoliyatida ishtirok etadi». 

Qayd qilinishicha, qon quyuqlashishi organizmdagi ana shu jarayonlarning buzilishiga olib keladi. Oqibatda yashirin kasalliklar yuzaga chiqishi yoki yangilari paydo bo‘lishi mumkin. 

Ayrim hollarda xastalik yoki tashqi omillar sabab qon tarkibi buziladi va uning keragidan ortiq quyuqlashib ketishi yoki, aksincha, suyuqlashishi kuzatiladi. Uning quyuqlashishi tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil bo‘lishiga olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, insult va infarktga chalinish ehtimolini orttiradi. Qon tarkibining suyuqlashishi esa qon ketishi, bemor tanasida ko‘karish va qon talashlar paydo bo‘lishiga olib keladi. 

Ikki holatda ham tezda tibbiy ehtiyot choralarini ko‘rish zarur, deb ta’kidladi shifokor. 

Qon quyuqlashishiga ko‘pincha qattiq asabiylashish, qandli diabet, shuningdek shirinliklar, kartoshka, banan, tuxum, gazli ichimliklar, fast-fud va turli qovurma taomlar sabab bo‘ladi. Qolaversa, bu holat kam suyuqlik ichish, havo haroratining ko‘tarilishi yoki keskin pasayishi va organizmdagi ayrim o‘zgarishlar tufayli ham yuzaga keladi. 

Issiq kunda qon quyuqlashishi tananing suvsizlanishiga bog‘liq. Issiq havoda organizmdagi suv ter bilan bug‘lanib ketadi. Bu qonning quyuqlashishi, uning aylanma harakati qiyinlashishi va tromb hosil bo‘lish xavfi ortishiga olib keladi. 

Natijada insonda bosh og‘rig‘i, jizzakilik, tushkunlik, xotira pasayishi, holsizlik, uyquchanlik, qo‘l va oyoqlar sovqotishi, og‘iz qurishi kuzatiladi. 

Yurak tez urishi, nafas qisishi, tananing turli qismlarida ko‘karishlar paydo bo‘lishi va tirnoq shakli o‘zgarishi mumkin. Hatto miyaga qon yaxshi yetib bormasa, bosh aylanishi, hushdan ketish ehtimoli ham mavjud. 

Bu salbiy holatlar esa tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil bo‘lganidan darak beradi. Oqibatda insult va infarkt xavfi ortadi. 

Shifokor tavsiyasiga ko‘ra, issiq havoda qon quyuqlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yetarli miqdorda suyuqlik ichish zarur. Aynan suv eng yaxshisi, gazlangan ichimliklar emas. Shu bilan bir qatorda, salqin va achchiq bo‘lmagan choyni ham ichsa bo‘ladi. 

Qon holatini tekshirish uchun shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Agar tibbiy tekshiruvlardan so‘ng uning quyuqligi me’yordan ortiq ekani ma’lum bo‘lsa, zarur muolajalar tayinlanadi. 

Shifokorning ogohlantirishicha, qonni suyultiruvchi dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan qabul qilish mumkin emas. Sababi uning haddan ortiq suyuqlashishi jarohatlarda qonning to‘xtamay oqishiga olib keladi. 

Mavzuga oid