Jahon | 09:08 / 05.07.2023
6298
2 daqiqa o‘qiladi

Shols Ruminiyaga Shengenga kirishida yordam berishini ma’lum qildi

Germaniya Yevropa Ittifoqida Ruminiya va Bolgariyaning Shengen zonasiga qo‘shilish imkoniyatini doimiy ravishda muhokama qilmoqda, dedi Germaniya kansleri. 

Foto: XNUMX

Germaniya kansleri Olaf Shols Germaniya Ruminiyani yil oxirigacha Shengen hududiga qo‘shilishida qo‘llab-quvvatlashiga va’da berdi. Berlin Buxarestni «bu yil to‘laqonli a’zo» bo‘lish istagida qo‘llab-quvvatlaydi, dedi Shols 4 iyul, seshanba kuni Germaniya poytaxtida Ruminiya bosh vaziri Marchel Cholaku bilan uchrashuvdan so‘ng. 

AFP agentligi keltirgan kanslerning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning bu yo‘nalishdagi «katta sa’y-harakatlari»ni «yetarlicha qadrlash» kerak. Germaniya Ruminiya va Bolgariyaning Shengen hududiga qo‘shilish imkoniyatlarini «Yevropa Ittifoqidagi do‘stlar» bilan «doimiy» muhokama qilmoqda, dedi Shols. 

Ruminiya hukumati rahbari Cholaku, o‘z navbatida, Germaniya o‘zini «Ruminiyaning haqiqiy do‘sti» sifatida ko‘rsatganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Ruminiyaning Shengenga qo‘shilishining «asossiz blokadasi» Yevropa birligiga putur yetkazadi. 

2022 yil dekabr oyida Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqining ichki ishlar va adliya bo‘yicha kengashi yig‘ilishida Ruminiya va Bolgariyaning Shengen hududiga qo‘shilish haqidagi arizalari Avstriya va Niderlandiyaning ovozlari bilan rad etildi. Shu bilan birga, YeI davlatlari Xorvatiyaning 2023 yil 1 yanvardan boshlab Shengen hududiga kirishini ma’qulladi. 

Mavzuga oid