O‘zbekiston | 08:34 / 06.07.2023
3022
2 daqiqa o‘qiladi

OIIB O‘zbekistonda energetika sohasidagi loyihalar uchun 415 mln dollar ajratdi

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) vitse-prezidenti Lyudger Shuknext bilan uchrashdi.

Foto: Dunyo

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston va OIIB o‘rtasidagi moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, mavjud loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning bugungi holati muhokama qilindi.

Energetika, infratuzilmaviy rivojlanish, transport va tibbiyot kabi yo‘nalishlarda umumiy qiymati 2,4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 13 ta loyihani o‘z ichiga olgan OIIBning O‘zbekistondagi joriy investitsiya portfeli hajmining o‘sishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. 2023 yil mart oyidan buyon bank tomonidan energetika sohasida loyihalarni amalga oshirish doirasida davlat kafolatisiz 415 million dollari miqdoridagi 3 ta kredit liniyasi ma’qullandi.

Lyudger Shuknext O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi va OIIB hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar qo‘shma loyihalarni sifatli amalga oshirish va o‘zaro munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishga qaratilgan faol hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Mavzuga oid