Jahon | 18:52 / 08.07.2023
21641
1 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoga millionlab baliq chaqalari qo‘yib yuborildi

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Sug‘d viloyatiga tashrif buyurib, Xo‘jandda baliqchilik tarmog‘i bilan tanishdi.

Foto: Tojikiston prezidenti axborot xizmati

Asia-Plus xabariga ko‘ra, davlat rahbari Sirdaryoga bir million baliq chavog‘ini qo‘yib yubordi. Ular Bobojon G‘ofurov tumanidagi «Tojik baliq korporatsiyasi»ga qarashli suv havzalarida yetishtirilgan oq amur, oq do‘ngbosh va zog‘orabaliq ekani aytilmoqda.

Qayd etilishicha, Sug‘d viloyatida 63 ta baliqchilik xo‘jaligi ro‘yxatga olingan bo‘lib, baliq yetishtirish uchun mo‘ljallangan suv havzalarining umumiy maydoni 685 gektarni tashkil etadi.

Xo‘jand shahridan oqib o‘tuvchi Sirdaryo taxminan 30 km masofadan keyin O‘zbekiston hududiga kiradi.

Mavzuga oid