O‘zbekiston | 17:55 / 11.07.2023
29614
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston temiryo‘llari» rahbari ishdan olindi

Husniddin Hosilov 2016 yildan buyon temiryo‘l sohasiga rahbarlik qilib kelayotgandi.

Foto: O‘zbekiston temiryo‘llari

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ raisi Husniddin Hosilov lavozimini tark etdi. Bu haqda prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Prezident raisligidagi videoselektorda bundan to‘rt yil avval «Toshkent-Samarqand», «Toshkent-Andijon» pulli yo‘llari va Taxtaqoracha dovonida pulli tunnel qurish topshiriqlari berilgani, lekin na loyiha qilish, na investor jalb qilish bo‘yicha haligacha amaliy ishlar boshlanmagani tanqid qilingan.

«Bugungi kunda temir yo‘lda 2,5 mingta yuk vagoni yetishmasligi, mavjud vagonlarning 3,5 mingtasi esa ta’mirtalabligiga qaramay, ularni ko‘paytirish, yo‘llarni modernizatsiya qilish  uchun bor-yo‘g‘i 16 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtirgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Iste’foga «investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani» sabab qilib ko‘rsatilgan.

Husniddin Hosilov 1970 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1992 yilda Toshkent temiryo‘l muhandislari institutini injyener-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1992 yilda «O‘zinterservis» qo‘shma korxonasida tarmoq boshlig‘i sifatida boshlagan. 1992-2008 yillarda «O‘ztemiryo‘lmashta’mir» unitar korxonasi va «O‘zbekiston temiryo‘llari»da turli lavozimlarda ishlagan.

2011-2014 yillarda «O‘zbekiston temiryo‘llari» DATK bosh menejyeri – bosh muhandisi bo‘lgan. 2014-2016 yillarda Vazirlar Mahkamasining departament mudiri sifatida ishlagan. 2016 yilda «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ bosh menejyer – bosh muhandis lavozimiga qaytgan.

2019 yil 5 fevralda unga «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajarish yuklatiladi. 2019 yil iyunidan rasman AJ boshqaruv raisi lavozimini egallaydi.

2020 yil 31 yanvardan esa yana boshqaruv raisi «v.b» bo‘lgandi.

Mavzuga oid