Jahon | 20:20 / 14.07.2023
18214
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar birinchi marta Kushonlar saltanati yozuvini o‘qishga muvaffaq bo‘ldi 

Ushbu matnlar mazmuni 70 yildan ortiq vaqt davomida sir bo‘lib qolayotgan edi. 

Foto: arkeonews.net

Germaniyaning Kyoln universiteti tilshunoslari ilk bor Markaziy Osiyoning qadimiy, nufuzli davlatlaridan biri Kushonlar saltanati yozuvini o‘qishga erishdi. Ushbu matnlar mazmuni 70 yildan ortiq vaqt davomida sir bo‘lib qolayotgan edi. 

Kushonlar yozuvi Markaziy Osiyoda miloddan avvalgi 200 yillardan milodning 700 yillarigacha qo‘llanilgan. Bugungi kunga kelib, ushbu davrga aloqador bir necha o‘nlab qisqa matnlar ma’lum. Ular Afg‘oniston, Tojikiston va O‘zbekiston hududidan topilgan. 

Foto: Bobomullo Bobomulloev

1960-yillarda fransuz arxeologlari Afg‘onistondagi Dashti-Novurda uch tilda matn topgan edi. 2022 yilda Tojikiston shimoli-g‘arbidagi Olmosiy darasida ikki tilda: Kushon va allaqachon ma’lum bo‘lgan Baqtriya tilida qisqacha bitik topilgan. 

Olimlar mazmuni ma’lum tillardagi matnlarni tahlil qilib, kushonliklarniki bilan solishtirgan. Ular Vema Taxtu ismini va «Shahanshoh» unvoni ma’nosini ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Keyinchalik, tilshunoslar Baqtriya matnidan foydalanib, belgilarning keyingi ketma-ketligini taniy olishdi va alohida belgilarning fonetik ma’nolarini aniqladi. Hozirgacha ular harflarning 60 foizga yaqini mazmunini ochishga muvaffaq bo‘lishdi va bu borada ish davom etmoqda. 

Tadqiqot guruhining fikricha, Kushon yozuvi mutlaqo noma’lum o‘rta eroniy tilga mansub bo‘lib, u na baqtriya, na xo‘tonsak tiliga o‘xshamaydi. Bu tilda Shimoliy Baqtriyaning o‘troq aholisi yoki ichki Osiyodagi ko‘chmanchi xalqlar vakillari gapirishi mumkin edi. Muayyan vaqt davomida u Kushon imperiyasining rasmiy tillaridan biri bo‘lib xizmat qilgan. Dastlabki nom sifatida tadqiqotchilar «Eteo-toxariy» atamasini taklif qilishdi.

Mavzuga oid