XOQ YeI davlatlarini Rossiya sportchilariga nisbatan pozitsiyasi uchun tanqid qildi
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi «ayrim Yevropa hukumatlari»ning Rossiyadan sportchilarni musobaqalarga kiritish masalasidagi pozitsiyasi munosabati bilan «ikki tomonlama standartlar» haqida ma’lum qildi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Rossiya sportchilarining xalqaro musobaqalarga kiritilishiga «ayrim Yevropa hukumatlari tomonidan» salbiy munosabat bildirilganini tanqid qildi. XOQ matbuot xizmati bayonoti 13 iyul, payshanba kuni ochiqlandi.
«Mazkur hukumatlar maslahatlashuv jarayonida muhokama qilingan ikki tomonlama standartlar masalasiga e’tibor bermayotgani afsuslanarli», — deyiladi qo‘mita xabarida. «Biz ulardan mamlakatlari jahondagi boshqa 70 ta urush, qurolli mojaro va inqirozlarda ishtirok etgan sportchilarning musobaqalardagi ishtirokiga munosabati haqida hech qanday izoh ko‘rmadik», — deya qo‘shimcha qildi qo‘mita.
«Ular BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining ikki maxsus ma’ruzachisi aniq bayonotini qo‘pol ravishda e’tibordan chetda qoldirayotgani yanada afsuslanarli, boshqa masalalarda esa inson huquqlarini hurmat qilish bo‘yicha o‘zlarining kuchli talablarini doimiy ravishda ta’kidlab keladi», deya ma’lum qildi XOQ. Qo‘mita maxsus ma’ruzachilardan birining har kim «pasportiga ko‘ra kamsitilmaslik huquqiga ega» ekani haqidagi so‘zlarini eslatdi.
Praga avvalroq Rossiya sportchilariga Chexiyadagi turnirlarda qatnashishni taqiqlagan edi.
Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer aprel oyida XOQning rossiyalik va belaruslik sportchilarni jahon sport arenasiga qaytarish bo‘yicha tavsiyasini rad etish uchun siyosiy chora ko‘rish niyatida ekanini aytdi. «Yirik sport tadbirlariga mezbonlik qilayotgan davlatlar ojiz emas. Ular viza vositasidan rossiyaliklarning qatnashmasligi uchun foydalanishi mumkin», dedi sotsial-demokrat siyosatchi 10 aprel kuni Funke media-guruhiga bergan intervyusida.
Mavzuga oid
08:08
Borrel YeIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
11:29 / 06.11.2024
Ukrainaga yordam: YeI AQSh saylovlari natijalarini kutmoqda
10:08 / 06.11.2024
YeIdagi yonuvchi posilkalar: Litvada gumondorlar ushlandi
12:30 / 05.11.2024