Iqtisodiyot | 17:11 / 21.07.2023
32991
2 daqiqa o‘qiladi

Benefitsiar egasi o‘zbekistonlik bo‘lgan kompaniya AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi

Ural kon-metallurgiya kompaniyasi AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi. Korxonaning 2022 yil bo‘yicha berilgan yillik hisobotida Doniyor Komilov UKMKning benefitsiar egasi sifatida keltirilgan. U sobiq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li hisoblanadi. 

Foto: mining24.ru

AQSh Rossiyaning eng yirik mis ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Ural kon-metallurgiya kompaniyasiga (UKMK) qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda AQSh moliya vazirligi saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, kompaniyaning kontragentlari tuzilgan bitimlarni 2023 yil 18 oktyabrgacha yakunlashlari kerak bo‘ladi.

“Kommersant’”ning yozishicha, UKMK eksport yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlarni oshkor qilmaydi, lekin Yevropa va Xitoy an’anaviy ravishda Rossiya misining asosiy xaridorlari bo‘lib kelgan. Sanksiyalar Xitoyga yetkazib berish hajmining ko‘payishiga olib kelishi mumkin, bu esa eksport daromadining pasayishini anglatadi.

Ma’lumot uchun, Ural kon-metallurgiya kompaniyasi Rossiyada mis, rux, ko‘mir va boshqa qimmatbaho metallarning eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanib, asli o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik milliarder Iskandar Mahmudov va uning sheriklari tomonidan tashkil etilgan.

2022 yil 14 martda UKMK rasmiy saytida kompaniya korporativ tuzilmasidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi. Unda Iskandar Mahmudov va Andrey Bakarov (Mahmudovning asosiy biznes hamkori, “Transmashholding” asoschisi) UKMK, “Kuzbassrazrezugol”, “Vostochnyy port”, “Rosterminalugol” AJlarning benefitsiarlari bo‘lishni to‘xtatgani, shuningdek, ushbu kompaniyalarning direktorlar kengashlarini tark etgani xabar qilinadi. Bir oy o‘tgach, Mahmudov va Bokarev Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritiladi. 2022 yilning iyulida Andrey Kozitsin ham UKMK bosh direktori lavozimidan ketadi. 

UKMKning 2022 yil bo‘yicha bergan yillik hisobotida Komilov Doniyor Abdulazizovich kompaniyaning benefitsiar egasi sifatida keltirilgan. U sobiq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri, hozirda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdulaziz Komilovning o‘g‘li hisoblanadi. 

Mavzuga oid