Jahon | 13:24 / 24.07.2023
5731
3 daqiqa o‘qiladi

Navalniyning Barnauldagi shtabi sobiq rahbari 9 yilga qamaldi

Vadim Ostanin «ekstremistik jamoa»da ishtirok etish va «fuqarolarning shaxsi va huquqlariga tajovuz qiluvchi» tashkilotdagi faoliyatda aybdor deb topildi, deb xabar berdi Navalniy jamoasi. 

Foto: RIA Novosti

Aleksey Navalniyning Barnauldagi shtabi sobiq koordinatori Vadim Ostanin 9 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda 24 iyul, dushanba kuni Navalniy jamoasi Telegram’da xabar berdi. Sobiq koordinator «ekstremistik jamiyat»da ishtirok etish, shuningdek, «fuqarolarning shaxsi va huquqlariga tajovuz qiluvchi» notijorat tashkilot faoliyatida aybdor deb topildi

Qamoqdagi muxolifat yetakchisi safdoshlariga ko‘ra, Vadim Ostanin qonuniy siyosiy faoliyati uchun sudlangan: «U avval Biyskda, so‘ngra Barnaulda Navalniyning shtabini boshqargan, mahalliy poraxo‘r amaldorlar haqida gapirgan va Oltoy o‘lkasi aholisiga amaldorlarni ishlashga majburlashda yordam bergan». 

Prokuratura 2021 yil oxirida qo‘lga olingan Ostaninni 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilish talabini qo‘ydi. «Vadim siyosat bilan shug‘ullangan, u demokratiyaga, hokimiyatni almashtirish kerakligiga ishongan. 2017 yilda biz hokimiyatga raqib bo‘lish xavfli bo‘lib qolgani haqida gapirgan edik, lekin u qo‘rqmadi», dedi Navalniyning mahalliy shtabi sobiq advokati Tatyana Babich DW nashriga. Moskvadan Barnaul «SIZO»ga ko‘chirilgandan so‘ng, Vadim Ostanin uni ushlab turishning qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan sharoitlari haqida xabar berdi. Boshqa narsalar qatorida, u uzoq vaqt davomida jazo kamerasida saqlangan va dori-darmonlardan mahrum qilingan. 

Iyun o‘rtalarida Navalniyning Ufadagi shtabi sobiq rahbari Liliya Chanisheva 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Aleksey Navalniy shtabining sobiq koordinatorlari va xodimlari Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan bir necha oy oldin jinoiy ta’qiblar nishoniga aylangan edi. Faollarni hibsga olish 2021 yil avgustida butun shtablar tarmog‘i «ekstremistik tashkilot» deb e’lon qilinganidan keyin boshlangan. Navalniyning o‘zi yangi ish bo‘yicha «ekstremistik hamjamiyat» tuzishda ayblanmoqda, prokuratura uni 20 yilga maxsus rejimli koloniyaga hukm qilishni so‘ramoqda.

Mavzuga oid