Jahon | 13:08 / 25.07.2023
5194
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya dumasi chaqiruv yoshini 30 yoshgacha oshirishga tayyorlanmoqda

Davlat dumasi veb-saytida e’lon qilingan chaqiruv yoshini oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga kiritilgan o‘zgartirishlar 2024 yil 1 yanvardan boshlab 18-30 yoshdagi rossiyaliklarni armiyaga chaqirishni nazarda tutadi.

Foto: Dmitriy Feoktistov/TASS

Rossiya Davlat dumasi saytida chaqiruv yoshini oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga kiritilgan o‘zgartirishlar e’lon qilindi. Ularga ko‘ra, Rossiyada 2024 yil 1 yanvardan boshlab armiyaga chaqiruv 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘ladi. 25 iyul, seshanba kuni chaqiruv yoshini oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi kerak, dedi Davlat dumasi Mudofaa qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov.

Dastlab, chaqiruv yoshining quyi va yuqori chegaralari oshiriladi deb taxmin qilingan, ammo hujjat matniga ko‘ra, chaqiruv yoshi chegaralari shunchaki kengaytiriladi. Kartapolov ilgari aytgan o‘tish davri nazarda tutilmagan.

Agar Rossiya hukumati chaqiruv yoshi chegaralarini kengaytirsa, joriy chegara 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan darajadagidan 2 million ko‘proq odam harbiy xizmatga chaqiriladi. Bu haqda Gaydar nomidagi Iqtisodiy siyosat instituti tadqiqotchisi Igor Yefremovning hisob-kitoblarida aytilgan. 

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilish yosh chegaralarining 18 yoshdan 30 yoshgacha kengaytirilishi bilan kontingent soni 2024 yilda qariyb uchdan birga – 9,14 million kishiga, 2025 yilda – 9,13 million kishiga, 2026 yilda – 9,16 million kishiga, 2027 yilda – 82 million kishiga yetadi, deya hisoblaydi Yefremov.

Demograf Aleksey Rakshaning ta’kidlashicha, 2021 yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlaridagi xatolarni hisobga olgan holda, 2023 yil boshida Rossiyada 21 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan 6,5 million erkak borligi ma’lumdir. Rakshaning hisob-kitobiga ko‘ra, harbiy xizmatga chaqirilish yoshining kengayishi bilan potensial chaqiriluvchilar soni 2,2 million kishiga ko‘payadi.  

Chaqiruv yoshini 30 yoshga ko‘tarish to‘g‘risidagi qonun loyihasi iyun oyining o‘rtalarida Davlat dumasi tomonidan birinchi o‘qishda ma’qullangan. Hujjatning ushbu versiyasida quyi chegara ham 18 yoshdan 21 yoshgacha ko‘tarilishi nazarda tutilgan. Iyul oyida Davlat dumasi Mudofaa qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov chaqiruv yoshining quyi chegarasi o‘zgarmasligi, faqat yuqori chegara ko‘tarilishi va armiyaga 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar chaqirilishini ma’lum qilgan edi. 

Mavzuga oid