Jahon | 09:56 / 26.07.2023
6928
2 daqiqa o‘qiladi

«G‘alla bitimi» muvaffaqiyatsizligi: XVJ g‘alla narxi keskin oshishini prognoz qildi

Xalqaro valuta jamg‘armasi jahon iqtisodiyoti COVID-19 pandemiyasi va Ukrainadagi urush ta’siridan tiklanayotganini ta’kidladi, biroq ayni paytda xavf-xatarlar haqida ogohlantirdi.

Foto: Ozan Kose/AFP/Getty Images

Rossiyaning Qora dengiz g‘alla tashabbusidan chiqishi fonida jahonda g‘alla narxi 10-15 foizga oshishi mumkin. Bu haqda 25 iyul, seshanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda iqtisodiy maslahatchi va Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) Tadqiqot departamenti direktori Per-Olive Gurinsha ma’lum qildi

«G‘alla shartnomasi» tufayli Ukrainadan katta hajmdagi don jahon bozoriga chiqayotgan edi, bu oziq-ovqat sohasida narx bosimini yumshatgandi, deya tushuntirdi ekspert. 

Shu bilan birga, u, umuman olganda, jahon iqtisodiyoti Ukrainadagi urushning salbiy oqibatlaridan, shuningdek, undan oldingi COVID-19 pandemiyasidan bosqichma-bosqich tiklanayotganini ta’kidladi. «Qisqa muddatda taraqqiyot belgilarini inkor etib bo‘lmaydi. Lekin quvonishga hali erta, chunki muhim xavflar saqlanib qolmoqda», - dedi Gurinsha. 

Shu kuni XVJ tomonidan e’lon qilingan global bozor prognozi aprel oyida taqdim etilgan oxirgi prognozga qaraganda ancha optimistik bo‘ldi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodchilar joriy yilda jahon yalpi ichki mahsuloti 3,0 foizga o‘sishini kutmoqda. Taqqoslash uchun, aprel oyida XVJ jahon iqtisodiyoti uchun oldingi o‘sish kutilmalarini 2,9 foizdan 2,8 foizga tushirgan edi. XVJ tomonidan 2024 yilga mo‘ljallangan prognozlar o‘zgarishsiz qoldi: jahon yalpi ichki mahsuloti kelgusi yilda 3,0 foizga o‘sishi kutilmoqda, deya hisoblaydi ekspertlar. 

Shu bilan birga, XVJ Rossiya iqtisodiyoti bo‘yicha o‘z prognozlarini yaxshilagan. Unga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga hujumi natijasida joriy etilgan sanksiyalarga qaramay, joriy yilda Rossiya yalpi ichki mahsuloti 1,5 foizga o‘sadi. Bu aprel oyida kutilganidan 0,8 foizga ko‘pdir. 2024 yilda XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya yalpi ichki mahsuloti 1,3 foizga oshadi. 

Mavzuga oid