O‘zbekiston | 07:21 / 03.08.2023
5341
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy texnika ishlab chiqishga qanday talablar borligi aniqlashtirildi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Harbiy maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar muomalasi hamda bo‘shatilayotgan harbiy-texnika vositalarini tugatish va qayta ishlash sohasidagi faoliyat turlarini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Nizom quyidagi faoliyatlar uchun litsenziyalarni olish tartibini belgilaydi:

qurol-yarog‘ va uning o‘q-dorilarini, himoya vositalarini, harbiy texnikani, ularning ehtiyot qismlari, butlovchi qismlari va priborlarini, agar ulardan boshqa tarmoqlarda foydalanilmasa, shuningdek, ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallarni va maxsus asbob-uskunani yaratish, ishlab chiqarish, ta’mirlash va realizatsiya qilish sohasidagi faoliyat uchun;

bo‘shatilayotgan harbiy-texnika vositalarini tugatish (yo‘q qilib tashlash, utilizatsiya qilish, ko‘mib tashlash) va qayta ishlash faoliyati uchun.
 
Hujjatga muvofiq:

  • litsenziyalovchi organ etib Mudofaa sanoati agentligi belgilangan;
  • litsenziya olish uchun ariza beruvchi-yuridik shaxs tegishli hujjatlar to‘plamini agentlikka Davlat feldʼegerlik xizmati orqali yuborishi lozim;
  • arizani ko‘rib chiqish muddati – 20 kun, ko‘rib chiqish uchun yig‘im miqdori – BHMning 2 baravari, litsenziyani berish uchun – BHMning 5 baravari;
  • hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq bo‘lgan taqdirda agentlik komissiyasi litsenziya berish haqida qaror qabul qiladi;
  • litsenziyaning amal qilish muddati cheklanmagan.

Mavzuga oid