Sport | 17:12 / 04.08.2023
23000
14 daqiqa o‘qiladi

«Barsa» va «Siti» top-himoyachilar olmoqda. So‘nggi transfer xabarlari

«PSJ» transfer kampaniyasini to‘xtatmayapti, Saudiya Arabistoniga yulduzlar oqimi davom etmoqda.

Foto: Getty Images

Top-ligalarda yangi mavsum shu haftadayoq start oladi. «Manchester Siti» va «Arsenal» Angliya Superkubogi uchun bahs olib borishadi. Klublar so‘nggi transferlarini amalga oshirmoqda. Quyida amalga oshib bo‘lgan va e’lon qilinishi kutilayotgan navbatdagi transferlar haqida.

«RB Leypsig» Andre Silvani ijaraga berdi

27 yoshli portugaliyalik hujumchi Yevropa bo‘ylab sayohat qilishda davom etadi. Bundesliganing o‘tgan mavsumida urilgan to‘rt gol «Leypsig» rahbariyatida yaxshi taassurot qoldirmadi, shuning uchun Silva oldindagi mavsumni «Real Sosedad»da o‘tkazadi. Ispan klubida mavsum yakunida futbolchining transfer huquqini sotib olishi ham mumkin.

Avvalroq «Leypsig»ning o‘tgan mavsumda basklar jamoasida ijara asosida o‘ynagan norvegiyalik hujumchisi Aleksander Syorlot «Vilyarreal»ga ijaraga berilgandi.

Lukas Moura Braziliyaga qaytdi

«San-Paulu» braziliyalik vinger Lukas Moura qaytgani haqida e’lon qildi. Yevropada yorqin, ammo barqaror bo‘lmagan yillarni o‘tkazgan, shu yozda «Tottenhem»ni erkin agent sifatida tark etgan 30 yoshli ushbu futbolchi Braziliya klubi bilan bir yillik shartnoma imzolagan.

Moura — «San-Paulu» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, u 2005 yildan 2013 yilga qadar turli yosh toifasidagi jamoalarda o‘ynagan. Yevropaning «PSJ» va «Tottenhem» klublarida jami 10 yil o‘tkazgan futbolchi qadrdon klubiga qaytdi.

Qishda «Tottenhem» Moura bilan shartnomani uzaytirish to‘g‘risidagi bandni faollashtirmagandi, may oyi oxirida esa u ketayotgani haqida e’lon qildi. Braziliyalik futbolchiga APL, Italiya va Fransiya klublaridan takliflar bor edi, ammo Lukas vataniga qaytishni afzal ko‘rdi.

«Yangi Holand» «Manchester Yunayted»ga o‘tayotganini anons qildi

Ayni vaqtda ushbu futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Angliyaga uchib kelgan. Ingliz klubi yaqin vaqtlar ichida transfer haqida e’lon qiladi. Rasmus Hoylundning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali bo‘lajak klubi formasi suratini joylashtirib, «Tez orada» yozuvini ilova qilgandi.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, «MYu» daniyalik 20 yoshli ushbu  hujumchi uchun «Atalanta»ga 70 mln yevrodan ortiqroq mablag‘ to‘laydi. Klublar allaqachon hujjatlarni almashgan, futbolchi bilan keyinroq uzaytirish sharti bilan 5 yillik shartnoma imzolanadi.

Dembele va «PSJ» — Here We Go!

Insayder Fabritsio Romano mashhur iborasi orqali Usmon Dembelening «PSJ»ga transferi masalasi hal bo‘lganini xabar qildi. 26 yoshli fransuz allaqachon parijliklar klubi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tgan, transfer haqida yaqin vaqtlar ichida rasman e’lon qilinadi.

RMC Sport xabariga ko‘ra, Parij klubi u bilan besh yillik shartnoma imzolaydi U va uning agenti «PSJ»dan bonus sifatida 25 million yevro oladi.

«Barselona» transfer uchun 50 mln yevroga ega bo‘ladi. Fransuz futbolchisi 2017 yil yozida, Neymarning «PSJ»ga transferidan keyin shoshilinch ravishda «Borussiya» Dortmund klubidan 140 mln yevro evaziga xarid qilingandi. Ammo uning Ispaniyadagi faoliyati jarohatlar tufayli barqaror kechmadi. Uning katalonlar klubi bilan shartnomasi muddati 2024 yil yozigacha edi va u bu shartnomani uzaytirishni istamadi. 

Dembele o‘tgan mavsumda «Barselona»ning barcha turnirlar doirasidagi 35 o‘yinida qatnashib, sakkiz gol urgan va to‘qqiz golga uzatma bergan.

As nashri futbolchi ketish oldidan «Barselona» bosh murabbiyi Xavi bilan o‘tkazgan suhbati tafsilotlarini keltirgan. Uchrashuvda Usmon shunday degan: «Men shu yerda qolishni va sovrinlar yutishni istagan bo‘lardim, ammo bunday nosog‘lom muhitda emas». Futbolchiga unga klub rahbariyatining munosabati yoqmagan.

Dembele jamoadoshlari bilan suhbatda ham «doimiy ravishda unga chiqindi otadigan va boshini olib tashlash uchun payt poylaydigan» odamlar bor bo‘lgan klubda o‘ynashni istamasligini aytgan. Fransuz o‘zining ustidan kulinmaydigan klubda o‘ynashni afzal ko‘rishini ta’kidlagan.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, uning «Barsa» rahbariyatidan ranjishiga klubning o‘zi, Rafinya va Gavini Mbappega almashish rejasi borligini bilib qolgani sabab bo‘lgan.

Ramush «PSJ»ga o‘tmoqda

Gonsalu Ramush. Foto: GUALTER FATIA/GETTY IMAGES

Parijliklarning transfer kampaniyasi Usmon Dembele bilan to‘xtamaydi, fransuz superklubi boshqa bir katta transferga ham tayyorlanmoqda — «Benfika» va Portugaliya milliy jamoasi forvardi Gonsalu Ramush.

Fabritsio Romano bu kelishuv «tez orada» hal bo‘lishini xabar qilgan. Yaqin kunlarda futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Insayderning ma’lumotiga ko‘ra, transfer qiymati 80 mln yevroni tashkil etishi mumkin, bonuslar ham bo‘ladi. Futbolchi bilan 2028 yil yozigacha shartnoma tuziladi.

O‘z navbatida, jurnalist Pedru Sepulveda esa parijliklar 22 yoshli futbolchini ijaraga olish variantini ham ko‘rib chiqayotganini yozgan. Unga ko‘ra, «PSJ» «Benfika»ga futbolchini bir yilga ijaraga olish va mavsum yakunida 65 million yevroga transfer qilish bo‘yicha taklif bergan. Shuningdek, yana 15 million yevro bonuslar ko‘rinishida to‘lanishi mumkin.

«PSJ» bu bilan moliyaviy feyr-pley qoidalarini aylanib o‘tishni ko‘zlagan. «Benfika» rahbariyati esa hujumchini shu yozdayoq sotishni istamoqda va hozircha parijliklarning bunday taklifini o‘ylab ko‘rmayapti.

O‘tgan mavsumda Ramush «Benfika» uchun barcha turnirlar doirasida 47 o‘yinda maydonga tushib, 27 gol urgan va besh golga uzatma bergan.

Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, «PSJ» short-listida Randal Kolo Muani («Ayntraxt» Frankfurt) va Bredli Barkola («Lion») ham bor.

Gvardiola — Gvardiol juftligi

Yoshko Gvardiol «Manchester Siti»ga o‘tadi, Fabritsio Romano tasdiqladi - Here We Go! Futbolchi 4 avgust kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, barcha hujjatlar hafta oxiriga qadar imzolanadi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, transfer qiymati 90 mln yevro va bonuslardan iborat bo‘ladi.

Germaniyaning Bild nashri ham «Manchester Siti» va «RB Leypsig» xorvatiyalik 21 yoshli himoyachi Yoshko Gvardiol transferi bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar bergan.

Shu tarqia, Gvardiol dunyoning eng qimmatbaho himoyachisiga aylanadi. Ayni vaqtda bu maqom Harri Maguayrga tegishli bo‘lib turibdi, «Manchester Yunayted» 2019 yilda uning transferi uchun «Lester» 87 million yevro to‘lagandi.

Gvardiolning «Manchester Siti»ga sotilishi «RB Leypsig» uchun butun tarixidagi rekord transfer bo‘ladi. Hozirda nemis klubining eng qimmat sotuvlari — shu yil yozida 70 million yevroga «Liverpul»ga transfer qilingan Dominik Soboslai hamda 60 million yevroga «Chelsi»ga sotilgan Kristofer Nkunku bo‘lib turibdi.

Xavining yozdagi asosiy maqsadi

Joau Kanselu. Foto: ALEX GRIMM/GETTY IMAGES

Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, «Barselona» portugaliyalik himoyachi Joau Kanselu bilan kelishuvga erishgan. 29 yoshli futbolchining o‘zi ham Ispaniya chempionatiga o‘tishni istamoqda.

Xavi uchun portugaliyalik ushbu futbolchi – 2023 yil yanvaridan buyon ustuvor maqsad bo‘lib kelayotgandi. Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, agent Jorjye Mendesh «Barsa»ga mijozi ushbu klubga o‘tish uchun maoshi pasayishiga ham rozi bo‘lganini aytgan.

Hozirda kataloniyaliklar transfer bo‘yicha «Manchester Siti» bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Bu transfer uchun Usmon Dembelening «PSJ»ga sotuvidan tushadigan mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Gvardiola bilan nizolashib qolgan Kanselu 2022/2023 yillar mavsumining ikkinchi yarmini «Bavariya»da ijara asosida o‘tkazgandi. Uning «Siti» bilan shartnomasi 2027 yil yoziga qadar tuzilgan, Transfermarkt uning transferini 50 mln yevroga baholagan.

«Barselona» «Manchester Siti»ning yana bir portugaliyalik futbolchisi Bernardu Silvani ham qo‘lga kiritmoqchi. Futbolchining o‘zi ham «Barselona»ga o‘tishni istamoqda. Diario Sport xabariga ko‘ra, 28 yoshli havbek, agar kataloniyaliklar uning uchun so‘rov yuborsa, klubini o‘zini transfer qilishga ko‘ndiradi.

Ammo hozircha «Barsa»ning futbolchi uchun to‘lov qilish uchun moliyaviy imkoniyati yo‘q — klub Silvaga shartnoma taklif qila olishi uchun qator futbolchilarini sotib yuborishi talab etiladi.

Ayni vaqtda «PSJ» ham ushbu futbolchi transferiga qiziqish bildirmoqda.

Lukaku baribir «Yuventus»ga o‘tadimi?

Fabritsio Romanoning xabar berishicha, 30 yoshli belgiyalik «Yuve» bilan shaxsiy shartnomani kelishib olgan. Ammo, shunga qaramay, Lukakuning transferi amalga oshmay qolishi ham mumkin.

«Yuventus» Dushan Vlahovich uchun «Chelsi»dan Lukakudan tashqari yana 40 mln yevro miqdorida qo‘shimcha to‘lov talab etmoqda. Londonliklar hozircha Vlahovichni transfer qilish borasida yakuniy qarorga kelmagan, shu tufayli javob qaytarishga shoshilmayapti. «Yuventus» esa «Chelsi»ning qarorini kutmoqda. Kelishuv baribir amalga oshsa, Romelu keyinroq yana bir yilga uzaytirish sharti bilan uch yillik shartnoma imzolaydi.

«Chelsi» Eduar Mendiga o‘rinbosar topdi

«Chelsi» butun yoz mobaynida «Brayton» bilan yarimhimoyachi Moyses Kaysedo transferi bo‘yicha muzokara olib bordi. Hozircha bu boradagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz kechmoqda. Lekin klublar darvozabon Robert Sanchesning transferini tezda va ortiqcha shovqinsiz hal qilishdi. Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, 25 yoshli ispaniyalik transferi londonliklarga 29 mln yevroga tushgan, qo‘shimcha bonuslar ham ko‘zda tutilgan. Sanches «Brayton»ga 17 yoshida «Levante»dan kelgandi. U Ispaniya milliy jamoasiga ham chaqiruv olgan.

«Yuventus» Donnarummaga qiziqish bildirmoqda

Turinliklar azaliy raqiblarining sobiq futbolchilarini tarkibga jalb etishda davom etadi. «Yuve» so‘nggi mavsumlarda «Inter»da to‘p tepgan Lukakudan tashqari «Milan»ning sobiq posboni Janluidji Donnarummani ham transfer qilmoqchi. La Gazzetta dello Sport xabariga ko‘ra, 24 yoshli italiyalik vatanga qaytishga qarshi emas. Buning uchun «Yuventus» Voysex Shchensniga yangi jamoa topishi kerak bo‘ladi. Donnarumma esa kutishga rozi. Janluidji – «Milan» tarbiyalanuvchisi, u 2021 yilda «PSJ»ga o‘tgandi. Uning parijliklar bilan amaldagi shartnomasi 2026 yil yoziga qadar tuzilgan.

«Barselona» yarimhimoyachisi Firmino, Mahrez va Mendining yoniga yo‘l olmoqda

Foto: ALEX CAPARROS/GETTY IMAGES

Fabritsio Romanoning xabar berishicha, Saudiyaning «Al-Ahli» klubi yarimhimoyachi Frank Kessiye uchun «Barselona»ga 15 mln yevro miqdorida taklif yuborgan. 26 yoshli futbolchi saudiyaliklar bilan uch yillik shartnoma bo‘yicha kelishib olgan. Unga ko‘ra, Kessiye yiliga 18 mln yevro oladi. Ivuarlik futbolchi o‘tgan mavsumda «Barsa» safida barcha turnirlar doirasida 38 o‘yinda maydonga tushib, uch gol urgan va uch golga uzatma bergan. Endi esa u Roberto Firmino, Riyoz Mahrez va Eduar Mendiga jamoadosh bo‘ladi.

«Barsa»ning yana bir futbolchisi Saudiya Arabistoniga yo‘l oladi

«Barselona» saudiyaliklarga sotayotgan futbolchi birgina Kessiye emas. Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar fransiyalik himoyachisi Kleman Langle bo‘yicha «An-Nasr» bilan kelishuvga erishgan. Ammo saudiyaliklar klubi hozircha 28 yoshli futbolchining o‘zi bilan shartnoma masalasini hal qilmagan. Langle avvaliga Yevropada o‘ynashda davom ettirishni rejalashtirgandi, ammo Saudiya Arabistoni klubidan beriladigan katta maosh barchasini o‘zgartirishi mumkin. Kleman o‘tgan mavsumda ijara asosida «Tottenhem»da to‘p surgandi. Uning «Barsa» bilan shartnomasi muddati 2026 yil yoziga qadar tuzilgan.

Mavzuga oid