Jamiyat | 20:40 / 09.08.2023
21720
2 daqiqa o‘qiladi

Cold Out zaharli siropi O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan - SSV 

JSST uning tarkibida toksinlar aniqlangani tufayli xavfli deb e’lon qilgan edi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan xavfli deb e’lon qilingan Hindistonning Cold Out tumov va yo‘talga qarshi siropi O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Bu haqda SSV xabar berdi. 

«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Hindistonning Fourrs Laboratories korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan Cold Out dori vositasi O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmaganini ma’lum qiladi», deyiladi xabarda. 

Qonunchilikka ko‘ra, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin ruxsat etiladi. 

Avvalroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonda ishlab chiqarilgan Cold Out siropi tarkibida toksinlar aniqlangani tufayli xavfli deb e’lon qilgan edi. 

Iroq bozorida sotuvga chiqqan sirop tarkibida 0,25 foiz dietilenglikol va 2,1 foiz etilenglikol aniqlangan. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ikkala komponent uchun xavfsiz me’yor 0,1 foizni tashkil qiladi. 

Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, dori Iroqda o‘tkazilgan sinovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragach, sotuvdan olib tashlangan. 

2022 yilda Hindistonning Maiden Pharmaceuticals va Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi siroplar Gambiya va O‘zbekistonda kamida 89 bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan edi. Hindiston rasmiylari, shuningdek, Riemann Labs tomonidan ishlab chiqarilgan va Kamerundagi bolalar o‘limi bilan bog‘liq bo‘lgan siropda ham toksinlarni topdi. 

Mart oyida O‘zbekistonga sirop eksport qilgan Marion Biotech kompaniyasi litsenziyasidan ayrildi, uning ayrim xodimlari hibsga olindi. 

Avvalroq, Hindiston hukumati bunday holatlarning oldini olish uchun yo‘talga qarshi siroplar majburiy sinovdan o‘tkazilishiga va’da bergan edi.

Mavzuga oid