Sport | 15:33 / 10.08.2023
18843
2 daqiqa o‘qiladi

«An-Nasr» Masharipov bilan xayrlashmoqchi. Unga Turkiya klubi qiziqish bildirmoqda

«An-Nasr» klubi futbolchisi Jaloliddin Masharipov faoliyatini Turkiyada davom ettirishi mumkin.

Ikki yildan buyon Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston milliy jamoasi a’zosi Ar-Riyod klubini tark etishi kutilmoqda. O‘z safiga bir qator yulduzlarni taklif etgan «An-Nasr» klubi Sadio Mane bilan shartnoma imzolagach, Jaloliddin Masharipovning jamoada qolishi so‘roq ostida edi.

Saudi Pro League Transfers xabariga ko‘ra, «An-Nasr» o‘zbekistonlik 29 yoshli yarimhimoyachi bilan xayrlashishni istamoqda. Ammo Masharipov va ar-riyodliklar o‘rtasidagi shartnoma hali yakunlanmagani bois, futbolchi «An-Nasr» a’zosi sanaladi.

Qayd etilishicha, Masharipovga Turkiya Superligasidan taklif bor. «Trabzonspor» klubi o‘zbekistonlik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishni istayotgani haqida xabar qilingan. 

Turkiyaning 61saat.com nashri xabariga ko‘ra, «Trabzonspor» yarimhimoyachisi Mislav Orshich jarohat olgach, jamoa ustozi Nenad Belitsa Jaloliddin Masharipovni o‘z jamoasida ko‘rishni istamoqda. 
 
Eslatib o‘tamiz, Jaloliddin Masharipov yil boshida Krishtianu Ronaldu klubga o‘tgach, unga 7-raqamni bo‘shatib bergan va o‘zi 77-raqamni tanlagandi. Bir oy avval «Inter»dan Marselo Brozovich transferi amalga oshgach, xorvatiyalik futbolchi Masharipovning raqamiga ega chiqdi. O‘zbekistonlik yarimhimoyachi huquqiy jihatdan Saudiya klubi a’zosi sanalsa-da, yangi mavsum oldidan jamoa bilan birga emas.

Ma’lumot uchun, «Trabzonspor» Turkiya Superligasi yakunlangan mavsumida 6-o‘rinni egallagan edi.

Mavzuga oid