Jahon | 08:13 / 12.08.2023
32577
9 daqiqa o‘qiladi

Qora dengiz. Nima uchun uning strategik ahamiyati juda katta?

Uzoq vaqt davomida Qora dengiz, geosiyosiy nuqtayi nazardan, ikkinchi darajali rol o‘ynaydi, deb ishonilgan. Biroq, Ukrainadagi urush buni o‘zgartirdi. Xo‘sh, mintaqada kimlarning manfaati kesishyapti?

Foto: Getty Images

Rossiya uchun ham, Ukraina uchun ham Qora dengiz o‘ziga xos dunyoga kirish eshigi bo‘lib, uning strategik va iqtisodiy ahamiyati juda katta. Ammo boshqa, birinchi navbatda, NATO davlatlari – Turkiya, Bolgariya va Ruminiyaning Yevropa va Osiyo o‘rtasida joylashgan bu mintaqada o‘z manfaatlari bor. Bu manfaatlar qanday namoyon bo‘lyapti va Rossiya tomonidan «g‘alla bitimi»ni bekor qilish ularga qanday ta’sir qildi?

Rossiya «g‘alla bitimi»dan chiqqanidan keyin Qora dengizdagi vaziyatning keskinlashishi

Urush sharoitida Ukraina donini Qora dengiz portlari orqali jahon bozoriga olib chiqish imkonini beruvchi «g‘alla bitimi»dan Rossiya chiqib ketganidan keyin Qora dengiz suvlarida vaziyat keskinlashdi. 19 iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligi 20 iyuldan boshlab Qora dengiz bo‘ylab Ukraina portlariga suzib ketayotgan barcha kemalar potensial harbiy yuk tashuvchilar sifatida ko‘rib chiqilishini va bunday kemalarda bayrog‘i o‘rnatilgan mamlakatlar «Ukraina mojarosida» Kiyev tomonida deb hisoblanishini bildirdi.

20 iyul kuni Ukraina Mudofaa vazirligi ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi. 21 iyuldan boshlab Rossiyaning Qora dengizdagi portlariga, shuningdek, qo‘shib olingan hududlardagi portlarga yo‘l olgan barcha kemalar Kiyev tomonidan «barcha xavf-xatarlarni hisobga olgan holda» harbiy yuk tashuvchi sifatida ko‘rib chiqiladi», deya ta’kidladi Ukraina Mudofaa vazirligi.

Rossiya: Qora dengiz asosiy ta’sir doirasidir

Rossiya Qora dengizni o‘zining asl ta’sir doirasi hududi deb hisoblagan. Hatto Rossiya imperiyasi mavjud bo‘lgan davrda ham, keyin sovet davrida ham bu dengiz davlatning janubiy qanoti edi. Bugungi kunda Qora dengizni Moskva Rossiya O‘rta Yer dengizi, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Janubiy Yevropaga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tayanch nuqtasi sifatida ko‘rmoqda. Bu, shuningdek, Rossiyaga Suriya yoki Liviya kabi o‘zi faol harbiy faoliyat olib borayotgan uzoqroq davlatlarga kirish imkonini beradi. Xususan, Suriyadagi Tartusda Rossiya allaqachon harbiy-dengiz bazasiga ega.

Rossiya uchun mintaqadagi asosiy rolni Qora dengiz floti o‘ynaydi, uning asosiy dengiz bazasi 1783 yildan beri Sevastopolda joylashgan. 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimorolidagi bu shahar Rossiya uchun nihoyatda muhim. U yerda qishda ham harbiy maqsadlarda foydalanishga yaroqli, muzsiz, chuqur suvli dengiz porti mavjud.

Xalqaro qonunlarga ko‘ra, Rossiya Qora dengiz sohillarining atigi 10 foiziga egalik qiladi. Biroq, mintaqadagi ta’sirining kengayishi tufayli, Moskva hozirda qirg‘oq chizig‘ining uchdan bir qismini amalda nazorat qiladi.

2008 yilda Rossiya Gurjistonga qo‘shin kiritdi, shundan so‘ng xalqaro huquq nuqtayi nazaridan tan olinmagan, ammo Kremlga sodiq bo‘lgan ikkita respublika tuzildi - Abxaziya va Janubiy Osetiya. Ulardan birinchisi Qora dengiz sohilida joylashgan. 2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qildi va 2022 yil fevralida Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanganidan keyin bu mamlakat janubidagi boshqa hududlarni ham egallab oldi.

Qora dengiz Rossiya uchun savdo siyosati nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega. Mahalliy portlar orqali Moskva don, o‘g‘it va boshqa tovarlar eksportining katta qismini amalga oshiradi. Qora dengiz orqali o‘tadigan savdo yo‘li Rossiya uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda, chunki u g‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilmagan mamlakatlarga tovarlarni yetkazib bera oladi. 

Ukraina: Qora dengiz muhim savdo yo‘li hisoblanadi

Ukraina uchun Qora dengiz portlarining tijorat ahamiyati ham nihoyatda katta. Tinchlik davrida Ukraina eksportining 50 foizdan ortig‘i mamlakatning eng yirik Qora dengiz porti - Odessa orqali o‘tgan. Bu yerda, eng avvalo, iyul oyi o‘rtalarida Rossiya bilan g‘alla bo‘yicha kelishuv muddati tugaguncha jahon bozori uchun mo‘ljallangan g‘alla ortilgan.

Qora dengiz mintaqasi dunyodagi eng katta oziq-ovqat eksporti yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Urushdan oldin Rossiya va Ukraina hissasiga jahon kungaboqar yog‘i eksportining 60 foizi, bug‘doy eksportining deyarli 24 foizi va arpa eksportining qariyb 19 foizi to‘g‘ri kelgan.

Rossiya va Ukrainaning Qora dengizdagi savdo kemalari uchun qo‘shimcha xavflar haqidagi bayonotlari fonini tahlil qilishda ushbu omilni hisobga olish muhimdir. Mintaqadagi savdo yuk tashish intensivligining pasayishi har ikki davlatga jiddiy iqtisodiy zarar keltiradi. Garchi urush fonida Ukraina o‘zining eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilgan bo‘lsa-da - bugungi kunda Ukraina g‘allasining atigi 40 foizi Qora dengiz orqali eksport qilinadi, qolgan qismi esa Yevropa Ittifoqi orqali quruqlikdan o‘tyapti. Ammo, Kiyev uzoq vaqt davomida dengiz orqali tovarlar eksport qilishga bog‘liq bo‘ladi.

Yevropa: Qora dengiz - Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi yo‘lak

Yevropa Ittifoqi bo‘yicha esa, G‘arb va Sharqni bog‘laydigan yo‘llar u uchun ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yevropa Ittifoqining ikki davlati - Ruminiya va Bolgariya Qora dengizga chiqish imkoniyatiga ega. Bryussel Gurjiston va Ukraina bilan Yevropa Ittifoqi assotsiatsiyasi shartnomasini imzoladi. Yevropa Ittifoqi Qora dengizni Osiyo va Yevropa o‘rtasida yuk va energiya tashuvchilar uchun muhim yo‘lak sifatida ko‘rmoqda. 

Yevropa Rossiya nefti va gazidan borgan sari mustaqil bo‘lishga intilayotgan bir paytda, Kavkazning resurslarga boy davlatlari, ayniqsa, Ozarboyjon, tobora ko‘proq birinchi o‘ringa chiqib bormoqda. Boku neft va gazni Gurjiston hamda Turkiya orqali Yevropaga eksport qiladi. Ushbu Qora dengiz yo‘li shimolda Rossiyani va janubda Eronni chetlab o‘tadi, shu sababli ikki davlatga nisbatan qattiq iqtisodiy sanksiyalar qo‘ygan yevropaliklar uchun alohida strategik ahamiyatga ega. 

O‘z navbatida, NATO ham Qora dengizda muhim xavfsizlik manfaatlariga ega. 1997 yildan boshlab Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlangunga qadar Shimoliy Atlantika alyansi har yili ushbu hududda keng ko‘lamli mashqlar o‘tkazdi. Biroq, NATOga a’zo bo‘lgan uchta davlatning harbiy-dengiz kuchlari doimiy ravishda bu yerda mavjud: Bolgariya, Ruminiya va Turkiya. Bu Turkiyaning Qora dengizdan O‘rta Yer dengiziga chiqishning yagona yo‘llari - Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlari ustidan to‘liq suverenitetini kafolatlaydigan 1936 yildagi Montryo konvensiyasi bilan bog‘liq. 2022 yil fevral oyida Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng, Turkiya bu bo‘g‘ozlarni nafaqat Rossiya, balki barcha harbiy kemalar uchun yopib qo‘ydi, buning natijasida Qora dengizdagi dengiz kuchlarining muvozanati bugungi kungacha saqlanib qoldi. 

Turkiya: manfaatlar muvozanatini saqlashga intilish 

Shu tariqa, Turkiya hozirda asosiy geostrategik pozitsiyani egallaydi, chunki u Qora dengizga chiqishni nazorat qilyapti, bu xalqaro shartnomalar bilan kafolatlanadi. Anqara NATOning Qora dengiz mintaqasidagi eng muhim hamkori hisoblanadi va o‘zini Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yaqin Sharq o‘rtasidagi savdo markazi sifatida ko‘radi. 

Turkiya mintaqada NATO oldida yetakchi rolni egallashdan juda manfaatdor. Ayni paytda, Rossiya bilan aloqalar ham Anqara uchun alohida ahamiyatga ega. Anqarada ham, Moskvada ham Qora dengiz ustuvor manfaatlar zonasi sanaladi va Turkiya Qora dengiz mintaqasida o‘nlab yillar davomida rivojlangan kuchlar muvozanati imkon qadar saqlanib qolishini diqqat bilan kuzatmoqda. 

Montryo konvensiyasi Anqaraga boshqa o‘yinchilar, jumladan, NATOning Qora dengiz mintaqasi ishlariga aralashishiga yo‘l qo‘ymaslik huquqini beradi. Bu, o‘z navbatida, Moskvaga qo‘l keladi. 

Mavzuga oid