O‘zbekiston | 11:54 / 21.08.2023
10473
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan Ukrainaga insonparvarlik yordami yuborildi

Kiyim-kechak va tibbiy mahsulotlar Lviv oblastiga yetkazilgan.

Foto: Facebook / Mykola Doroshenko

18 avgust kuni Ukraina-O‘zbekiston xalqaro do‘stligi jamiyati raisi Lyubomir Bashinskiy O‘zbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlari va biznes vakillari tomonidan yig‘ilgan 10,5 tonna gumanitar yukni qabul qilib oldi. Bu haqda Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Nikolay Doroshenko xabar berdi.

Ukrainaga jami 785 844 grivna (21,3 ming dollar) qiymatga ega qishki, sport, ayollar va bolalar poyabzallari, bolalar uchun trikotaj mahsulotlari jo‘natilgan. Shuningdek, jami 157 771 grivna (taxminan 4280 dollar) qiymatga ega tibbiy shprits, tibbiy paxta va infuzion tizimlar yuborilgan.

Foto: Facebook / Mykola Doroshenko

Insonparvarlik yordami allaqachon Lviv viloyatining Drohobich tumani ma’muriyati, Ijtimoiy siyosat boshqarmasi va Lviv viloyati maxsus tibbiy yordam bo‘yicha kengashiga berilgani aytilmoqda.

«Bunday insonparvarlik aksiyasi ishtirokchilariga samimiy minnatdorchiligimni va amalga oshirilgan ishlar uchun janob Bashinskiyga alohida minnatdorchilik bildiraman», deb yozdi elchi Nikolay Doroshenko.

Foto: Facebook / Mykola Doroshenko

Mavzuga oid