O‘zbekiston | 17:02 / 22.08.2023
27877
4 daqiqa o‘qiladi

FVV avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlari bo‘yicha muhim qoidalarni eslatdi

Avtomobil gazballoni nima uchun portlaydi? Buning oldini olish mumkinmi? Gaz ballonlarini ishlatish bilan bog‘liq xavfsizlik texnikasi qanday?

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Har yili avtomashinalarga o‘rnatilgan gazballonlar portlashi oqibatida o‘nlab baxtsiz hodisalar ro‘y bermoqda. Afsuski, ko‘pchilik haydovchilar gazballonidan foydalanish bilan bog‘liq xavfsizlik qoidalariga rioya etmayapti. Xo‘sh, avtomobil gazballoni nima uchun portlaydi? Buning oldini olish mumkinmi?

Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) avtomobilga o‘rnatilgan gazballoni portlashiga sabab bo‘luvchi omillar, ularni bartaraf etish va transportda xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlari haqida ma’lumot berdi.

Quyidagi omillar transportga o‘rnatilgan gazballonlarining xavfsiz va ishonchli ishlashini belgilab beuvchi asosiy mezonlar hisoblanadi:

Foydalanish muddati. Ishlab chiqaruvchilar tomonidan gazballonlarining foydalanish muddati 15 yil qilib belgilangan. Ammo, uni saqlash va ekspluatatsiya sharoitining og‘irligiga qarab bu muddat kamayishi mumkin.

Davriylik sikli. Mazkur ko‘rsatkich gazballoniga bir yilda necha marta gaz quyish kerakligini anglatadi. Davriylik sikli ishlab chiqaruvchilar tomonidan yiliga mingta qilib belgilangan. Biroq, amaliyotda ayrim haydovchilar gazballoniga yiliga ikki ming marotabadan ham ko‘proq gaz quyadi. Bu ham gazballonining «umrini qisqartiradi».

Bosim. gazballonidagi bosim 20 megapaskaldan oshib ketmasligi kerak. Afsuski, aksariyat haydovchilar uzoqroq yo‘l bosish maqsadida ko‘proq bosim ostida gaz quyishga harakat qilishadi. Buning oqibati esa ayanchli yakun topishi mumkin.

Texnik ko‘rik. gazballonlari har yili kamida bir marotaba yuqori bosim ostida sinovdan o‘tkazilishi kerak. Bu gazballoni devorlarining mustahkamligini, tashqi hamda ichki deformatsiyaga uchramaganligini aniqlash va yana bir yil foydalanish uchun ishonch hosil qilish imkonini beradi. Shuningdek, ballondagi gaz cho‘kmalari hamda boshqa chiqindilar tozalanib, yuviladi.

Afsuski, ko‘pchilik haydovchilar gazballonini sinovdan o‘tkazishdan qochadi. Oqibatda gazballoni yillar davomida sinovdan o‘tkazilmasdan qolib ketadi. Ballon mahkamlangan konstruksiyalardagi himoya rezinalari shikastlanadi, temir konstruksiyalar va tashqi muhit ta’sirida ballonda deformatsiya boshlanadi, gaz cho‘kmalari ta’sirida ichki yemirilish kuchayadi hamda oxir-oqibat gazballoni portlashi mumkin.

Sifat. 2018 yil fevral oyidan buyon O‘zbekistonda SPG-2 turdagi (kapron) gazballoni foydalanishdan chiqarilgan. Bunga mazkur gazballonlarining mustahkamligi yetarli darajada emasligi va foydalanish muddatining kamligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Ammo, hozir ham «kapron» kompozit qoplamali gazballonlaridan foydalanish holatlari uchrab turadi. Bundan tashqari, ballon yuzasidagi kompozit qoplamani olib tashlab, xuddi po‘lat ballondek ko‘rsatish holatlari aniqlanmoqda. Bu esa juda xatarli.

To‘g‘ri o‘rnatish. gazballonlari faqat tegishli litsenziyaga ega mutaxassislar tomonidan o‘rnatilishi lozim. Shuningdek, gaz uskunalarining standart xavfsizlik klapanlari bo‘lishi kerak. Arzon hamda qo‘lbola xavfsizlik klapanlari tezda ishdan chiqadi va zarur hollarda ishlamay qoladi.

Yuqoridagi mezonlarga qat’iy amal qilish esa gazballonining xavfsizligini, shuningdek, insonlar hayoti hamda salomatligini asrashni ham ta’minlaydi.

Mavzuga oid