O‘zbekiston | 09:28 / 26.08.2023
13066
3 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilikda mehnat migrantlariga berilgan imtiyozlar sanab o‘tildi

Ular o‘zini o‘zi band qilgan shaxs hisoblanadi, ish stajiga ega bo‘lish uchun yiliga bir marta ijtimoiy soliq to‘laydi, daromad solig‘idan ozod etiladi.

Foto: AP

O‘zbekistonda mehnat migrantlariga ko‘plab imtiyozlar berilishi qonunchilikda belgilab qo‘yilgan. Hudud24 ularning bir qanchasini sanab o‘tdi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab mehnat migratsiyasi faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan hisoblanib, belgilangan soliqlarni to‘lash hamda pensiya miqdorini hisoblashda inobatga olinadi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘ziga pensiya hisoblanishi va ish stajiga ega bo‘lishi uchun yiliga BHM 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda (bugungi kunda 165 ming so‘m) ijtimoiy soliq to‘laydi.

Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.

2018 yilning 1 aprelidan boshlab mehnat migrantlariga temir yo‘l biletlarining narxlariga 20 foiz miqdorda chegirmalar berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish uchun respublika hududidan tashqariga jo‘nab ketayotgan fuqarolarga 1000 AQSh dollari miqdorida kredit berish joriy joriy etilgan.

2021 yil 1 yanvardan boshlab mehnat migrantlariga — tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda o‘rnatiladigan stavkalarda mikroqarz beriladi. Mikroqarz xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 10 million so‘mgacha miqdorda bir yil muddatga beriladi.

Boquvchisi xorijda ishlash uchun ketgan va «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga BHM 2 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, «daftarlar»dan biriga kiritilgan oila a’zolariga BHM 5 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekistonda ular bilan birga yashovchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma beriladi.

Bundan tashqari, mehnat migratsiyasiga chiqib ketganlarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar beriladi.

Mavzuga oid