Jamiyat | 20:00 / 29.08.2023
17976
5 daqiqa o‘qiladi

Oq-qovoq GES-1 (GES-10) yangi quvvatlarda ishga tushirildi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda energetika tarmog‘ining muhim bo‘g‘ini hisoblangan gidroenergetika sohasida elektr energiya ishlab chiqarish hajmini oshirish borasida samarali islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Bu borada gidroenergetika sohasiga faol jalb etilayotgan mahalliy va xorijiy investitsiyalar negizidagi loyihalar asosida yangi GESlarni qurish, uzoq yillardan buyon ekspluatatsiya qilib kelinayotgan GESlarni zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish, mamlakatimizning kichik va mikro gidroenergetik salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish hamda ushbu jarayonga xususiy sektorni keng jalb qilish borasidagi ishlar yuqori sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda gidroenergetika sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor natijasida “O‘zbekgidroenergo” AJ hamda tizim tarkibidagi elektr energiya ishlab chiqaruvchi korxonalar oldiga muhim vazifalar qo‘yilib, umumiy gidroenergetik quvvat hajmini yanada oshirish borasida amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Ta’kidlash joizki, yildan yilga tizimda yangi GESlarni qurish, modernizatsiya loyihalarini amalga oshirish ishlari hajmi ortib bormoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda GESlar sonining ortishiga, qayta tiklanadigan elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlari hajmining yanada oshishiga zamin yaratadi.

Bugun, 29 avgust kuni “Chirchiq GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi Oq-qovoq GES-1 (GES-10) ning modernizatsiyadan so‘ng, yangilangan yuqori quvvatlarda ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbirni “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisining o‘rinbosari Bekzod Amirsaidov hamda kaskad rahbari Abdurasul Shodmonov tabrik nutqi bilan ochib berdi.

Marosimda Chirchiq shahar hokimligi mutasaddilari, Jamiyat tizim korxona va tashkilotlari vakillari, hamkor xorijiy kompaniyalar mas’ullari, gidroenergetik muhandislar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Oq-qovoq-1 (GES-10)ning avvalgi o‘rnatilgan quvvati 34,7 MVt bo‘lgan bo‘lsa, modernizatsiya ishlari yakuniga yetkazilgandan so‘ng 39,7 MVt ga yetkazildi.

Ma’lumot uchun: Ushbu GES bundan 80 yil oldin (1943 yilda) Chirchiq shahrida ishga tushirilgan bo‘lib, umumiy quvvati 34,7 MVt bo‘lgan 2 ta agregat o‘rnatilgan.

GES tarkibiga quyidagilar kiradi:

– derevatsion kanal;

– zax kanali oxiridagi suv ajratish inshooti;

– GES bosim havzasi;

– GES 1-gidroagregatiga boradigan 57 metrli kanal;

– GES 2-gidroagregatining bosim havzasi;

– stansiya binosi va boshqaruv korpusi;

– 891 metrlik qoplanmagan Bo‘zsuv kanaliga tushadigan o‘tkazuvchi kanal.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 2 maydagi “2017-2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2947-son Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-apreldagi “Chirchiq GESlar kaskadi” UK (GES-10), “Samarqand GESlar kaskadi” UK (GES-2B), “Toshkent GESlar kaskadi” UK (GES-1) modernizatsiyasi” investitsiyaviy loyihaning texnik iqtisodiy asosini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-sonli qarori qabul qilindi. Unga asosan, Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi tomonidan “Chirchiq GESlar kaskadi” UK modernizatsiyasi (GES-10)” investitsiyaviy loyihasini moliyalashtirish uchun imtiyozli kredit berilishi ma’qullanganligi, “Gidroproyekt” AJ tomonidan investitsiyaviy loyihaning texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilganligi qayd etilib, investitsiyaviy loyihaning moliyalashtirish manbalari sifatida XXR Eksimbankining 20 yil muddatga, shu jumladan, 5 yillik imtiyozli davrga yillik 2,2 foiz stavkasi bilan, “Turonbank” ATB orqali qayta moliyalashtiriladigan va qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,2 foiz miqdoridagi marjasi qo‘shilgan holda beriladigan kredit mablag‘lari, shuningdek, “O‘zbekgidroenergo” AJning o‘z mablag‘lari belgilangandi.

Loyiha qiymati 18.5 mln AQSh dollari bo‘lib, moliyalashtirish “O‘zbekgidroenergo” AJning o‘z mablag‘lari – 4,1 mln AQSh dollari hamda Xitoy Xalq Respublikasi Eskimbanki krediti – 14,4 mln AQSh dollari hisobidan amalga oshirildi.

Modernizatsiya ishlari XXRning sohada yetakchi tashkilotlaridan biri bo‘lgan “CNTIC” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Yangilangan quvvatlar orqali mazkur GES Chirchiq shahri aholisi hamda iqtisodiy sektoriga 213,8 mln kVt soat elektr energiya yetkazib berishi kutilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, Yangi O‘zbekistonda gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish, sohaga ilg‘or, aqlli texnologik qurilmalarni joriy qilish yurtimizning muqobil elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji samarali va barqaror ta’minlanishiga, gidroenergetik quvvat manbaining yanada ortishiga muhim zamin yaratishi, shubhasiz.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid