Jahon | 13:38 / 05.09.2023
13652
3 daqiqa o‘qiladi

Havana: Rossiya-Ukraina urushiga kubaliklarni yollagan tarmoq fosh etildi

Kubaliklarni yollagan tarmoq faoliyati fosh etildi, uning a’zolariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deya ma’lum qildi Kuba TIV. Uning ta’kidlashicha, Havana Ukrainaga qarshi urushda qatnashmayapti.

Foto: RIA Novosti

Kuba hukumati ushbu mamlakat fuqarolarini Rossiya-Ukraina urushida qatnashish uchun yollashda gumon qilinayotgan tarmoqni aniqladi. Kuba Ichki ishlar vazirligi «Rossiyadan faoliyat yurituvchi, u yerda yashovchi kubaliklarni va hatto Kubadagi fuqarolarni Ukrainadagi harbiy amaliyotlarda qatnashayotgan qurolli kuchlarga yollash bo‘yicha tarmoqni zararsizlantirish va tugatish ustida ishlamoqda», - deyiladi Kuba TIVning 4 sentabr, dushanba kungi bayonotida.

Havana, shuningdek, yollash urinishlari to‘xtatilgani va unga aloqador shaxslarga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida xabar berdi. «Kubaning dushmanlari mamlakat obro‘siga putur yetkazish va uni bu harakatlarga sherik sifatida ko‘rsatish maqsadida buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tarqatmoqda, biz buni qat’iyan rad etamiz», — deyiladi bayonotda. 

Kuba «Ukrainaga qarshi urushda qatnashmayapti» 

Tashqi ishlar vazirligi bu mamlakat «Ukrainaga qarshi urushda qatnashmayotgani», shuningdek, «qat’iy va aniq tarixiy pozitsiyani egallab turgani», bu yollash faoliyatini rad etishi hamda va unga qarshi milliy darajada ham, BMT darajasida ham kurash olib borilayotganini bildirdi. Xususan, Kuba Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ma’qullangan yollash bo‘yicha faoliyatga qarshi bir qancha tashabbuslar muallifi bo‘lgan. 

Kubaliklarni har qanday davlatga qarshi jangovar harakatlarga jalb qilish maqsadida Kubada yollash maqsadida odam savdosining har qanday shakli bilan shug‘ullanuvchilarga qarshi Havana rasmiylari sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda va qat’iy harakat qilishda davom etadi, deb ishontirdi Kuba TIV. 

Moskva hozircha bu ayblovlarga izoh bermadi. So‘nggi paytlarda Kuba va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar faollashdi. Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel 2022 yil oxirida Moskvaga tashrif buyurib, rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashdi. Iyun oyida Kuba mudofaa vaziri Alvaro Lopes Miyera Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu tomonidan qabul qilingan edi. 

Mavzuga oid