Jahon | 10:03 / 07.09.2023
3614
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya parlamentariylari hukumatdan josuslarni chiqarib yuborishni talab qildi

Daxlsizlik maqomiga ega bo‘lgan va taqiqlangan razvedka faoliyati bilan shug‘ullanadigan chet ellik shaxslar Shveytsariyaning ichki yoki tashqi xavfsizligiga tahdid soladi, deb hisoblaydi parlament qo‘mitasi.

Foto: picture alliance/prisma/C. Sonderegger

Shveytsariya Federal Kengashi (hukumati) doimiy ravishda Rossiya va boshqa yerdan bo‘lgan xorijiy josuslarni mamlakatdan chiqarib yuborishi kerak. Bunday qaror 5 sentabr, seshanba kuni konfederatsiya Milliy kengashi (parlamentning katta palatasi) tashqi ishlar qo‘mitasi tomonidan qabul qilindi, deb yozadi Shveytsariyaning Swissinfo.ch internet nashri.

Qayd etilishicha, qo‘mita tashabbusi hali parlament katta palatasining o‘zi, shuningdek, kichik palata (Kantonlar kengashi) tomonidan ma’qullanishi kerak. Agar taklif qabul qilinsa, hukumat taqiqlangan razvedka faoliyati bilan shug‘ullanib, Shveytsariyaning ichki yoki tashqi xavfsizligiga, shuningdek, ushbu davlatning roliga tahdid soladigan diplomatik va boshqa daxlsizlik maqomiga ega bo‘lgan barcha xorijliklarni mamlakatdan chiqarib yuborishga majbur bo‘ladi.

Shveytsariya mamlakatda o‘nlab rossiyalik josuslar borligini istisno etmadi

Shveytsariya razvedka xizmatlariga ko‘ra, o‘nlab rossiyalik josuslar mamlakatda diplomat niqobi ostida ishlayotgan bo‘lishi mumkin. «Rossiyaning Jyeneva va Berndagi diplomatik va konsullik vakolatxonalarida diplomatik, texnik yoki ma’muriy xodimlar sifatida akkreditatsiya qilingan 220 ga yaqin kishining kamida uchdan bir qismi hali ham Rossiya razvedka xizmatlarida ishlashi mumkin», deyiladi iyun oyida nashr etilgan davlat xavfsizligi bo‘yicha yillik hisobotda.

Hujjatda aytilishicha, Xitoydan kelgan «o‘nlab razvedka xodimlari» ham Shveytsariyada diplomatik yoki konsullik himoyasi ostida ishlaydi. Biroq, Xitoyda bunday zobitlar Rossiyaga qaraganda ancha kam, deb hisoblaydi Shveytsariya kontrrazvedkasi. 

Mavzuga oid