Novosibirsk viloyatida yo‘lovchi samolyoti dalaga qo‘nishga majbur bo‘ldi
Samolyot bortida 170 kishi bo‘lgan. Qo‘nish joyidan olingan kadrlarda o‘ng qanot ostida yong‘in izlari borligini ko‘rish mumkin.
Rossiyaning Novosibirsk viloyatida «Uralskiye avialinii» aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti dalaga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi, deb xabar berdi Rossiya OAV 12 sentabr, seshanba kuni ertalab mahalliy hokimiyat va favqulodda xizmatlarga tayanib. Ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot xavfsiz qo‘ngan va jabrlanganlar yo‘q.
Novosibirsk viloyati gubernatori Andrey Travnikovning so‘zlariga ko‘ra, samolyot Moskva vaqti bilan soat 5:44 da viloyatning Novosibirsk va Omsk o‘rtasidagi markaziy qismidagi Ubinskoye qishlog‘i yaqinida ochiq dalaga qo‘ngan.
Prokuratura: Airbus A320 «texnik sabablarga ko‘ra» favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi
«Rosaviatsiya» qo‘nish Novosibirskdan 180 km uzoqlikdagi Kamenka aholi punkti yaqinidagi havodan tanlangan maydonda amalga oshirilganini ma’lum qildi. «Sochi-Omsk yo‘nalishi bo‘yicha U6-1383 reysini amalga oshirayotgan Airbus A320 samolyoti aerodrom tashqarisida favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Qo‘nish muvaffaqiyatli o‘tdi, ekipaj yo‘lovchilarni zudlik bilan evakuatsiya qildi», — deyiladi «Uralskiye avialinii» matbuot xizmati xabarida.
Prokuratura xabariga ko‘ra, samolyot «texnik sababga ko‘ra» qo‘ngan. Favqulodda vaziyatlar vazirligining Novosibirsk viloyati bo‘yicha boshqarmasi samolyotni barcha 170 yo‘lovchi, jumladan 23 nafar bola tark etganini ma’lum qildi. «Samolyot, bino va inshootlarning vayron bo‘lishi qayd etilmadi. Oltita yo‘lovchi avtobusi qo‘nish joyiga odamlarni vaqtinchalik joylashtirish punktiga yetkazish uchun harakatlanmoqda», — deya qo‘shimcha qildi mahkama.
Mash va «112» telegram-kanallari samolyot gidravlik tizimdagi muammolar tufayli qo‘nganini xabar qilmoqda.
Qo‘nish joyidan olingan kadrlarda samolyotning o‘ng qanoti ustida yong‘in izlari borligini ko‘rish mumkin. «112» telegram-kanaliga ko‘ra, samolyot dvigatellaridan biri osmonda yonishni boshlagan.
2019 yilda Moskva yaqinida favqulodda qo‘nish
2019 yil avgust oyida Moskvadan Simferopolga parvoz qilgan «Uralskiye avialinii» yo‘lovchi layneri dalaga qo‘ngandi. Parvozning dastlabki daqiqalarida samolyot dvigatellaridan biri ishdan chiqqan, keyinroq ikkinchisi tezlikni yo‘qota boshlagan. Uchuvchilar samolyotni eng yaqin qulay joyga – poytaxt aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagidan uncha uzoq bo‘lmagan makkajo‘xori dalasiga qo‘ndirishga qaror qilgan.
Samolyot bortida 226 yo‘lovchi bo‘lgan. Ekipaj a’zolari evakuatsiya qilingan, qattiq qo‘nish natijasida ba’zi yo‘lovchilar jarohat olgan, ammo barchasi tirik qolgan.
Uchuvchilar Damir Yusupov va Georgiy Murzin Rossiya Qahramoni unvonlarini oldi, ekipaj a’zolariga davlat mukofotlari topshirildi. Aviakompaniya hodisani qushlarning ikkala dvigatelga urilgani bilan izohlagan.
Mavzuga oid
21:10 / 10.11.2024
Toshkentdan Jiddaga uchgan samolyot ortga qaytishga majbur bo‘ldi
12:02 / 02.11.2024
Myunxendan Shanxayga uchayotgan samolyot Toshkentga favqulodda qo‘ndi
11:56 / 02.11.2024
Aviatsiya tarixidagi g‘alati halokat: uchuvchi nega samolyotni tog‘ga olib borib urgandi?
20:47 / 21.09.2024