Jahon | 09:22 / 13.09.2023
4913
4 daqiqa o‘qiladi

YeI agrokomissari - Ukraina uchun g‘alla embargosini uzaytirish tarafdori

Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Yevropa komissari Ukrainadan uning besh qo‘shni davlatiga g‘alla importini taqiqlashni uzaytirish tarafdori. Uning fikricha, bu mamlakatdan g‘alla eksportini oshirishga to‘sqinlik qilmaydi. 

Foto: AP / Andrew Kravchenko

Yevropaning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voysexovskiy 12 sentabr, seshanba kuni Yevroparlamentda Ukraina g‘allasini Polsha, Ruminiya, Bolgariya, Vengriya va Slovakiyaga olib kirishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni uzaytirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Uning fikricha, Yevropa komissiyasi tomonidan qabul qilingan ushbu favqulodda chora samarali. «Vaqtinchalik profilaktik chora-tadbirlarning kiritilishi Ukraina bilan chegaradosh mamlakatlar bozorlarini tuzatdi va barqarorlashtirdi. Bu «birdamlik chizig‘i» bo‘ylab Ukraina donining eksportini cheklab qo‘ymadi», dedi u Strasburgda deputatlar bilan suhbatda. 

Yevropa komissarining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini besh mamlakatga olib kirishga vaqtinchalik taqiq joriy etilgunga qadar Ukrainadan «birdamlik chizig‘i» bo‘ylab oyiga o‘rtacha 2,9 million tonna don eksport qilingan – 2022 yil maydan 2023 yil apreligacha jami 34,8 million tonna. Shu bilan birga, vaqtinchalik embargo kiritilgandan so‘ng, oylik ko‘rsatkich 3,2 million tonnani tashkil etdi - 2023 yilning mayidan iyuligacha jami 9,6 million tonna. 

Voysexovskiy ta’kidlashicha, eksportning «birdamlik yo‘nalishlari» bo‘yicha o‘sishiga Rossiyaning Qora dengizdagi «g‘alla bitimi»dan chiqishi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va uning davlatlarining muqobil yo‘nalishlarni, asosan Dunay yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlari ta’sir qilgan. Ushbu sa’y-harakatlar tufayli sohadagi logistika xarajatlari deyarli 50 foizga qisqardi, dedi Yevropa komissari. Uning prognozlariga ko‘ra, sentabr oyida ushbu liniya orqali Ukrainadan 3 million tonna g‘alla eksport qilish, yil oxirigacha esa bu ko‘rsatkichni oyiga 4 million tonnaga yetkazish mumkin bo‘ladi. 

Ukraina g‘allasi bo‘yicha muvofiqlashtiruv platformasi transport subsidiyalari mavzusini ko‘rib chiqadi 

Shu bilan birga, boshqa muqobil yo‘nalishlardan, masalan, Boltiqbo‘yi va Adriatikaga olib boradigan temiryo‘llardan foydalanish uchun moliyaviy subsidiyalar kerak, deb ta’kidladi Voysexovskiy, chunki transportning yuqori narxi yo‘nalishlarni raqobatbardosh qilmaydi. Shu tariqa, Ukraina tomonining hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday tranzitning qo‘shimcha xarajatlarini qoplash uchun har bir tonna mahsulot uchun 20-40 yevro nazarda tutilishi kerak. 

Yevropa komissari ushbu rejani 13 sentabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tadigan Polsha, Ruminiya, Vengriya, Bolgariya va Slovakiya, shuningdek, Ukraina, Moldova va Yevrokomissiya ishtirokidagi muvofiqlashtiruv platformasining navbatdagi yig‘ilishida taqdim etish niyatida. 15 sentabr kuni Ukrainaning to‘rtta mahsulotini besh qo‘shni davlatga olib kirishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq muddati tugaydi. Kiyev uni uzaytirmaslikka chaqirmoqda, Varshava esa Bryussel buni qilmasa, chorani bir tomonlama joriy etishini aytmoqda. 

Yevroparlament Yevrokomissiyani tanqid qildi, ba’zi deputatlar uni Polsha bozorida Ukraina doni bilan bog‘liq muammolarga va Polsha hukumatining siyosatiga o‘z vaqtida reaksiya bildirmaganlikda aybladi.

Mavzuga oid