O‘zbekiston | 08:09 / 20.09.2023
7272
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qaysi «yashil» mahsulotlarga talab yuqori ekani ma’lum bo‘ldi

Aholi orasida organik mahsulotlarga talab boshqa mahsulotlarga nisbatan 2,2 barobar yuqori.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari O‘zbekistonda «yashil» biznes mahsulotlari, xizmatlari va mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganib chiqdi.

Tadqiqot davomida so‘rov o‘tkazildi va unda 720 kishi (respondent) ishtirok etdi. Ishtirok etganlarning qariyb 60 foizi mamlakatda amalga oshirilayotgan «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasidan xabardor ekanligini bildirgan.

O‘zbekistonda «yashil» iqtisodiyot uchun qaysi sohalar muhim, degan savolga so‘rovda qatnashganlarning 18,4 foizi chiqindilarni qayta ishlash, deb javob bergan. Respondentlarning 16,9 foizi «yashil» qurilish, 8,2 foizi ekologik turizmni eng muhim sohalar sifatida qayd etgan.

Respondentlarning 17,3 foizi qayta tiklanadigan energiya manbalari, 15,4 foizi chiqindilarni qayta ishlash, 10,7 foizi shahar maydonini rejalashtirish bo‘yicha mutaxassislarga  va energiya tejamkor uylarning arxitektorlariga talab bugungi kunda nisbatan yuqori ekanligini e’tirof etgan.

Qaysi «yashil» mahsulotlarga talab yuqori, degan savolga respondentlarning 16,2 foizi tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari, 15,0 foizi «yashil» texnologiyalar, 13,7 foizi ishlab chiqarishda atrof-muhitga kamroq ta’sir ko‘rsatadigan mahsulotlar, 10,8 foizi to‘qimachilik mahsulotlari, 10,3 foizi tabiiy materialdan tayyorlangan mahsulotlarga, deya javob bergan.

So‘rov natijalari aholi orasida organik mahsulotlarga talab boshqa mahsulotlarga nisbatan 2,2 barobar yuqori ekanligini ko‘rsatdi. 

Mahsulotlar, xizmatlar va mutaxassislarga bo‘lgan talabni qondirish uchun targ‘ibot ishlarini kengaytirish, qonunchilik bazasini takomillashtirish, «yashil» tovarlarni ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish, integratsiyalashgan marketing strategiyasi va aloqa rejasini ishlab chiqish va ilg‘or tajribalardan samarali foydalanish hamda boshqa zarur chora-tadbirlarni ko‘rish maqsadga muvofiq, deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid