Jahon | 11:56 / 22.09.2023
26281
6 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning Vashingtonga tashrifi: Oq uyda iliq qabul va respublikachilardagi noaniqlik

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vashingtonga tashrifini yakunladi. Kun tartibidagi oxirgi masala Oq uyda prezident Jo Bayden bilan uchrashuv edi. Bu – ikki prezidentning oltinchi o‘zaro uchrashuvi, Zelenskiyning Oq uyga uchinchi tashrifi bo‘ldi.

Elizabeth Frantz / Reuters / Scanpix / LETA

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Bayden Amerika bundan keyin ham Ukraina xavfsizligi va mustaqilligiga sodiq qolishini ta’kidlagan.

«Axir gap aynan shu haqda ketmoqda. Kelajak haqida, erkinlikning kelajagi haqida. Amerika hech qachon bundan qayta olmaydi. Aynan shuning uchun biz besh yuz yetmish besh kundan keyin ham Ukraina bilan birgamiz va sizning yoningizda turishda davom etamiz, janob prezident», — degan Bayden Volodimir Zelenskiyga murojaat qila turib.

Shuningdek, Bayden Ukraina uchun navbatdagi harbiy yordam paketini tasdiqlagan. Pentagon xabariga ko‘ra, uning qiymati 325 mln dollarni tashkil etadi. Bu 30 sentabr kuni yakunlanadigan hozirgi moliya yili budjetining qolgan qismidan qoplanadi.

Paketdan Kiyevdagilar anchadan buyon so‘rab keladigan, 300 km masofaga harakatlanadigan ATACMS raketalari o‘rin olmagan. Ammo unda HIMARS uchun o‘q-dorilar, 155 mm kalibrli artilleriya snaryadlari, jumladan, kassetali DPICM o‘q-dorilari, shuningdek ko‘plab havo hujumidan mudofaa vositalari: havo-havo tipidagi AIM-9M raketalari, dronlarga qarshi kurashish uchun yirik kalibrli pulemyotlar va Avenger dala zenit-raketa komplekslari o‘rin olgan.

Bayden muzokaralarda asosiy urg‘u Rossiya Ukrainaning energetika infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan yangi kampaniya boshlashi kutilayotgan qish mavsumida havo hujumidan mudofaa vositalari yetkazib berish masalasiga qaratilganini aytgan.

Yelena va Volodimir Zelenskiy AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin va Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi boshlig‘i Mark Milli bilan. Foto: EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK

Shuningdek, Bayden keyingi haftada Ukraina Amerikaning dastlabki Abrams tanklarini qabul qilib olishini eslatgan. Ularni yetkazib berish (jami 31 dona) bo‘yicha qaror yanvardayoq qabul qilingandi, ammo texnikani, ekipaj va xizmat ko‘rsatuvchi personalni tayyorlash ko‘p vaqt talab etdi.

«Jamoatchilikka Ukraina nima uchun bunchalik muhim ekanini eslatish muhim, — deya  qayd etgan Pentagon matbuot kotibi general Pet Rayder. — Agar Rossiya Ukrainani millat sifatida yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lsa, u bu bilan to‘xtamaydi. Men AQSh va xalqaro hamjamiyatning [Ukrainadagi urushga] reaksiyasini Xitoy kabi mamlakatlar diqqat bilan kuzatib borayotganiga shubha qilmayman. Shunday ekan, ma’lum ma’noda tiyib turuvchi ta’sir haqida ham gapirish mumkin».

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kongress yetakchilari bilan uchrashuv oldidan Vakillar palatasida ozchilikni tashkil etuvchi demokratlar yetakchisi Hakim Jyeffris bilan. Foto: Reuters 

Respublikachilar bilan murakkab muloqot

Payshanba kuni avvalida prezident Zelenskiy Pentagon vakillari hamda hali Ukrainaga 24 mlrd dollar miqdoridagi yangi yordam paketini ma’qullashi kerak bo‘lgan Senat va Vakillar palatasi a’zolari bilan ham uchrashgandi.

Senatorlar va kongressmenlar bilan uchrashuvlar u qadar do‘stona ruhda o‘tmadi, chunki Vakillar palatasida ko‘pchilikni tashkil etuvchi Respublikachilar partiyasining barcha a’zolari ham AQSh bundan keyin ham Ukrainaga uning Rossiya bilan urushida yordam ko‘rsatishda davom etishi kerak, deb hisoblamaydi. Amerika parlamentining quyi palatasi spikeri, respublikachi Kevin Makkarti jurnalistlarning Kiyevga yordam masalasi kongressmenlar ko‘rib chiqishi uchun aynan qachon kiritilishi to‘g‘risidagi savoliga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishni istamadi.

CNN nashri o‘z manbasiga asoslanib xabar berishicha, Makkarti Ukraina prezidenti bilan uchrashuvi o‘tkazilgan zalga fotosuratchilarni kiritmagan va matbuotda Zelenskiy bilan tushgan surati tarqalishidan qochib qolgan.

Ammo u Zelenskiy bilan Ukraina Amerika yordamini qanday qo‘llayotgani haqida gaplashgani va bir qancha savollariga javob olgani haqida aytgan. Umuman olganda, Makkartining so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv «yaxshi» va «samarali» kechgan.

Senatdagi demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer jurnalistlarga Zelenskiy u bilan uchrashuvda ajratilgan moliyalashtirish kechikishi xavfi haqida ogohlantirganini aytgan.

«Vaziyatni umumlashtiradigan bir jumla bor edi. Uning so‘zlarini so‘zma-so‘z keltiraman — Zelenskiy aytdi: „Agar biz yordam olmasak, urushda yutqazamiz“. Bu undan iqtibos», — degan Shumer.

Zelenskiyning o‘zi senatorlar va kongressmenlar bilan juda ko‘p masalalarni muhokama qilganini aytgan: «Biz barchasi haqida, qo‘llab-quvvatlov, jang maydoni, bizning rejalarimiz haqida gaplashdik. Men jurnalistlarga barcha tafsilotlarni ayta olmayman, ammo o‘ylaymanki, bizda juda kuchli muloqot bo‘ldi».

Avvalroq Oq uy Kongressning Kiyevga yangi yordam paketini ajratish to‘g‘risidagi qarori Ukraina qarshi hujumi muvaffaqiyatini ta’minlash uchun «o‘ta muhim» ekanini ma’lum qilgandi.

Spiker Makkarti, palatadagi ko‘pchiliklar yetakchisi Stiv Skeyliz va ozchilik yetakchisi Hakim Jyeffris bilan uchrashuvlardan keyin Ukraina prezidenti tvitterdagi sahifasida Vakillar palatasidan juda minnatdor ekani haqida yozdi.

«Ukraina g‘alabasi — na Rossiya, na boshqa qaysidir diktatura erkin dunyoni beqarorlashtira olmasligini kafolatlaydi. G‘alaba qozonish uchun barchamiz birlashib, birgalikda harakat qilishimiz kerak», degan u.

Mavzuga oid