Jahon | 09:52 / 27.09.2023
3657
3 daqiqa o‘qiladi

Estoniya NATO davlatlarini mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi

Kaya Kallasning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush fonida Boltiqbo‘yi mintaqasi xavfsizligiga tahdid sovuq urush davridagidan ham yuqori darajaga chiqdi.

Foto: AP

Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas NATOga a’zo boshqa davlatlarni Boltiqbo‘yi davlatlaridan o‘rnak olib, mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirishga chaqirdi. Uning eslatishicha, Estoniya kelasi yili ushbu maqsadlar uchun yalpi ichki mahsulotning 3,2 foizini ajratmoqchi. 27 sentabr, chorshanba kuni Tallinda ochiladigan Boltiqbo‘yi mudofaa bo‘yicha yillik konferensiya (Annual Baltic Conference on Defence/ABCD) oldidan Kallas dpa nashriga bergan intervyusida: «Men NATO darajasida ham shuni talab qilaman», dedi. 

Konferensiyaning muhim mavzusi Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi fonida Boltiqbo‘yi mintaqasidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat bo‘ladi. «1988 yilni eslang, o‘shanda NATOning barcha ittifoqchilari yalpi ichki mahsulotining 2 foizdan ortig‘ini mudofaaga ajratgan. Nega? Chunki ular xavfni jiddiy qabul qilgan», - deya ta’kidladi Kallas. Uning qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda bu xavf sovuq urush davridagidan ham kattaroq, chunki «urush Yevropaga qaytdi». 

Bu yil ABCD konferensiyasida Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Shimoliy Atlantika alyansining boshqa a’zo davlatlari bilan bir qatorda Ukraina ham ishtirok etadi. Germaniya tomonidan mudofaa vaziri Boris Pistoruius qatnashishi kutilyapti. 

Kaya Kallasning eriga tegishli biznes bilan bog‘liq mojaro

Avgust oyi oxirida turmush o‘rtog‘i Arvo Xallikning Rossiyaga yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi Stark Logistics logistika kompaniyasida ulushi borligi ma’lum bo‘lgach, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqiruvchi Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas tanqid ostida qolgan edi. Estoniya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Ukrainadagi urush paytida kompaniya bu biznesdan 1,5 million yevro daromad olgan. 

Hallik yuzaga kelgan vaziyat uchun uzr so‘radi va o‘zining barcha aksiyalarini kompaniyaga qaytarib sotishga hamda direktorlar kengashi a’zoligidan ketishiga va’da berdi. Kaya Kallas, erining so‘zlariga ko‘ra, uning tadbirkorlik faoliyati haqida bilmagan. 

Mavzuga oid