Jahon | 09:46 / 29.09.2023
7334
2 daqiqa o‘qiladi

Peskov: Rossiya Armanistonning Rim statutiga qo‘shilish niyatini ma’qullamaydi 

Armaniston bu statut bo‘yicha qabul qilingan qaror yuzasidan tushunmovchilik yuzaga kelishini yaxshi biladi. Buni biz qabul qila olmaymiz, dedi Kreml matbuot kotibi.

Foto: RIA Novosti

Moskva Yerevanning Rim statutiga qo‘shilish niyatini ma’qullamaydi. Bu haqda jurnalistlarga Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi

«Armaniston biz Rim statutining ishtirokchisi emasligimizni juda yaxshi biladi va Armaniston bu statut asosida qabul qilingan qaror [Xalqaro jinoiy sudning Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order berishi] haqida yaxshi biladi. Biz Yerevanda buni juda yaxshi tushunishini bilamiz. Biz buni ma’qullamaymiz», — dedi Kreml matbuot kotibi. 

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston rasmiylarining bunday qarori Rossiyaga nisbatan «o‘ta dushmanlik»dir. 

U, shuningdek, Armanistonning Rim statutini qonuniy hal etish bo‘yicha taklif qilgan kelishuvi tafsilotlari bilan tanish emasligini ta’kidladi. 

Putin yaqin kelajakda Armanistonga hech qanday safarni rejalashtirmagan, deya qo‘shimcha qildi Peskov. 

Avvalroq, 2023 yil mart oyida Haagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putin, shuningdek, bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga xalqaro order bergan edi. Ular ukrainalik bolalarni deportatsiya qilishda ayblangan. 

Bundan tashqari, Kreml vakilining aytishicha, Moskva Qorabog‘dagi vaziyat rivojini, jumladan, uning humanitar jihatini diqqat bilan kuzatib boradi.

«Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatib boramiz, birinchi navbatda, humanitar jihat, bu eng muhimi», dedi Peskov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari odamlarga yordam berishda davom etmoqda. «Ko‘pchilik Armaniston hududiga ko‘chib o‘tish istagini bildirmoqda. Xohlaganlarga yordam ko‘rsatilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi Kreml vakili. 

Mavzuga oid