«Biz qirolga emas, konstitutsiyaga ont ichamiz» – general Milli iste’foga chiqdi
AQSh Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi boshlig‘i general Mark Milli iste’foga chiqdi. Arlingtondagi Mayyer harbiy bazasida generalni iste’foga kuzatish marosimi o‘tkazilib, unda prezident Jo Bayden, mudofaa vaziri Lloyd Ostin va Millining o‘rnini egallagan yangi rahbar Charlz Braun ishtirok etdi.
AQSh harbiy havo-kuchlari shtab boshlig‘i Charlz Braun 30 sentabrdan boshlab general Millining o‘rnini egalladi. Milli 2019 yil, hali Tramp prezident bo‘lgan vaqtdan buyon Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasini boshqarib kelayotgandi. Uning nomzodini aynan Tramp tavsiya qilgan.
Milli mamlakatdagi eng yuqori lavozimli general bo‘lgan davrida AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqdi, maxsus kuchlar Suriyada harbiy amaliyotlar olib bordi, eng asosiychi, AQSh Rossiya bosqiniga qarshi turgan Ukrainaga yordam berdi.
«U qo‘rqmas general edi»
General Millini kuzatish marosimida so‘zga chiqqan AQSh prezidenti Jo Bayden uni «xavf-xatardan qo‘rqmaydigan mard inson» deb ta’rifladi: «General Milli faoliyati davomida harbiy harakatlarda qatnashdi va bu uchun berilishi mumkin bo‘lgan barcha medallarni oldi. U bir marta yaralangan harbiylarni evakuatsiya qilayotgan tank bilmay o‘tib ketmasligi uchun minalashtirilgan ko‘prikka yugurib borib, ularni to‘xtatgan. Mark, siz bilan ishlash men uchun bebaho tajriba bo‘ldi», dedi Bayden marosimda.
Pentagon rahbari Lloyd Ostin esa Mark Milli bilan Iroqda birga xizmat qilgan vaqtida ularning mashinasiga Bog‘dodda qo‘lbola portlovchi vosita bilan zarar yetkazishganini esladi. «O‘shanda yarador askar oldiga borayotgandik», dedi Ostin. General Milli esa uni besh marta portlatib yubormoqchi bo‘lishganini aytdi.
«Biz qirolga ont ichmaymiz»
Xayrlashuv marosimida general Mark Millining o‘zi ham so‘zga chiqdi: «Biz qirol yoki qirolichaga, zolim yoki diktatorga, diktator bo‘lishga intilayotgan odamga sodiq bo‘lishga ont ichmaymiz. Biz alohida insonga emas, AQSh konstitutsiyasiga sodiq bo‘lishga ont ichamiz. 44 yil davomida AQSh konstitutsiyasiga sodiq bo‘ldim», dedi general Milli.
Trampning «tahdidomuz» ishorasi
Mark Milli shtab boshlig‘i bo‘lib ishlagan vaqtdagi eng muvaffaqiyatli operatsiyalardan biri IShID yetakchisi Abubakr al Bog‘dodiyning amerikalik askarlar tomonidan 2019 yilda o‘ldirilishi bo‘lgandi. Bu operatsiya bilan o‘z vaqtida sobiq prezident Tramp ko‘p marta maqtangan.
Sobiq prezident Donald Tramp general Millini shtab boshlig‘i lavozimiga o‘zi taklif qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik u bilan munosabatlari sovuqlashib qoldi. 2020 yil Milli namoyishlar vaqtida Trampga qo‘shilgani uchun ommaviy tarzda kechirim so‘rab chiqqandi. O‘shanda Tramp namoyishchilarni tarqatish uchun tozalab, ko‘zlan yosh chiqaradigan gaz ishlailtgan yo‘ldan yurib borgandi.
2021 yil 6 yanvar kuni Tramp tarafdorlari namoyishi cho‘qqisiga chiqqan bir vaqtda Milli xitoylik xamkasbiga qo‘ng‘iroq qilib, Pekinni AQShda vaziyat tinch ekaniga ishontirishga urinadi. General amerikaliklarda Xitoyga hujum qilish rejasi yo‘qligini aytadi. Bu shov-shuvli epizod haqida jurnalist Bob Vudvordning «Xavf» nomli kitobida aytiladi.
Sobiq prezident sentabr oyida o‘zining imjtimoy tarmoqdagi sahifasida «bir vaqtlar Millini bu ishi uchun o‘limga hukm qilgan bo‘lishlarini» yozdi. Tramp general Millini Xitoy bilan til biriktirishda aybladi. Qizig‘i, Trampning o‘zi ham bunday gaplar feyk xabarlarda tarqalayotganini yozgan: «Feyk xabarlarga ishoniladigan bo‘lsa, bu yigit Xitoy bilan til biriktirib, ularga AQSh prezidenti nimalarni o‘ylayotganini aytib bergan. Shunday vaqtlar bo‘lganki, bu ish uchun o‘lim jazosi berilgan», dedi AQSh 45-prezidenti. U Millini amerikalik askarlarning AQShdan olib chiqilishida ham aybladi. Ammo hech bir gapiga isbot keltirmadi.
Sobiq prezidentning bu iddaosiga AQSh prezidenti Jo Bayden tezda munosabat bildirib, Trampning gapini «ko‘ngilni aynitadigan» deb atadi. Bayden, shuningdek, Trampning gapiga qarshi hech nima deya olmayotgan respublikachilarni tanqid qildi.
General Milli AQSh prezidentligiga yana o‘z nomzodini qo‘ygan Donald Trampning o‘z manziliga aytilgan tanqididan keyin oilasi xavfsizligini ta’minlashga majbur bo‘lishini aytdi. «Nima ham derdim, afsuski bu gaplar aytildi. Men ehtiyot choralarni ko‘rib qo‘ydim. O‘zim va oilam xavfsizligini ta’minlashga majburman», dedi genaral.
«Isyonkor» o‘rinbosar
Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasining yangi rahbari general Charlz Braun bo‘ldi. Ushbu lavozimni egallagunga qadar Braun AQSh harbiy-havo kuchlarini boshqarayotgandi. U Kolin Paueldan keyin AQSh Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasiga rahbarlik qiladigan ikkinchi afroamerikalik generalga aylandi.
1984 yil AQSh harbiy havo kuchlarida oddiy ofitser sifatida faoliyatini boshlagan Charlz Braun 3000 soatdan ortiq parvoz vaqtida ega juda tajribali uchuvchi hisoblanadi. Xususan, 130 soat davomida havodagi janglarda qatnashgan. Floridadagi F-16 qiruvchi sinov parvozida bir marta katapulta qilishga majbur bo‘lgan.
Braun hozirgacha qiruvchi samolyotlar eskardiliyasi va ikkita qiruvchi uchoqlar aviaqanotlarini, shuningdek, Hind-Tinch okeani qo‘mondonligining harbiy havo kuchlarini boshqargan.
2020 yil amerikalik politsiyachilar qora tanli Jorj Floydni o‘ldirib qo‘ygach, general Braun o‘z sahifasida Amerika armiyasidagi irqchilik haqida ta’sirli video joylagan va yuqori martabali harbiylar orasida shu ko‘rinishda «isyon qilgani» bilan yodda qolgandi.
General Millining o‘rniga tayinlangan Braun asosiy maqsadi har qanday agressiyani tiyish ekani, AQSh qurolli kuchlari modernizatsiyaga e’tibor qaratishi kerakligi, bu uchun yangicha yo‘nalishlarga e’tibor qaratishi zarurligini aytdi.
Mavzuga oid
15:44
AQShda jarroh robot videoga qarab operatsiya qilishni o‘rgandi
14:22
AQSh: KXDR askarlari allaqachon Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda
22:03 / 12.11.2024
AQSh hukumati NUJ bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin
16:55 / 12.11.2024