Jahon | 00:40 / 30.09.2023
9187
2 daqiqa o‘qiladi

«Moskva formati» «Tolibon»ni afg‘on xalqi turmush darajasini yaxshilashga chaqirdi

Rossiyada Afg‘oniston mojarosini hal qilish bo‘yicha «Moskva formati» yig‘ilishi o‘tkazildi.

Foto: Rossiya Tashqi ishlar vazirligi

Rossiyaning Qozon shahrida Afg‘oniston bo‘yicha «Moskva formati» davlatlari yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda «Tolibon» rejimi afg‘onlarning turmush darajasini oshirish choralarini ko‘rishga chaqirildi. Tegishli deklaratsiya matnini Rossiya TIV e’lon qildi.

«Biz Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirishning kamaygani haqidagi xabarlarni hozirgi afg‘on rasmiylarining muvaffaqiyatli qadamlari sifatida qayd etdik. <..> Biz Afg‘onistonning amaldagi rasmiylarini afg‘on xalqining turmush darajasini yaxshilash, migratsiya va qochqinlarni kamaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga chaqirdik», deyiladi deklaratsiyada.

Ta’kidlanishicha, uchrashuvda ishtirok etayotgan davlatlar «Afg‘onistonda barcha etnosiyosiy guruhlar manfaatlarini aks ettiruvchi chinakam inklyuziv hukumatni shakllantirishda muvaffaqiyatlar yo‘qligi»dan afsusda ekanligini bildirgan.

Yig‘ilishda Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Turkmaniston va O‘zbekistondan maxsus vakillar va yuqori martabali amaldorlar, shuningdek, «Tolibon» vakillari ishtirok etgan.

Afg‘oniston mojarosini hal qilish bo‘yicha «Moskva formati»ning birinchi yig‘ilishi 2017 yilda bo‘lib o‘tdi. «Moskva formati»ning asosiy maqsadi Afg‘onistonda milliy yarashuv va tinchlik jarayoniga ko‘maklashish ekani ta’kidlangan. 2021 yilda «Tolibon» «Moskva formati»dagi uchrashuvda ishtirok etdi. 2022 yilda harakat vakillari bu uchrashuvga taklif qilinmadi.

«Tolibon» harakati dunyoning hech bir davlati tomonidan rasman tan olinmagan va uning yetakchilari BMT sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. «Tolibon» terrorchilik tashkiloti sifatida Rossiyada taqiqlangan. Shunga qaramay, bir qator davlatlar, jumladan, Rossiya ham harakat vakillari bilan rasmiy aloqalarga ega.

Mavzuga oid