O‘zbekiston | 18:14 / 30.09.2023
26533
6 daqiqa o‘qiladi

Urush va propaganda

Ukrainadagi urush haqida gap ketar ekan, O‘zbekiston xalqi ikkiga bo‘linadi. Bu bo‘linish oilalar, aka-ukalar, opa-singillarni, yaqin do‘stlarni qarama-qarshi tarafga bo‘lib tashlaydi. Shu urushni deb, qancha yaqinlar o‘zaro uzoqlashgani rost. O‘zbekistonliklarning necha foizi bu urushda Rossiya tarafdori, yana necha foizi Ukraina tarafdori – aniq sotsiologik tadqiqotlar yo‘q.

Foto: Anton Denisov / RIA Novosti

Lekin shu narsa aniqki, Rossiya tarafdorlari juda ko‘p. Sababi oddiy: Rossiyaning o‘zbekistonliklar ongiga ta’siri juda katta! Nihoyatda katta. Hatto O‘zbekiston OAV ta’siridan ko‘ra kattaroq! Chunki O‘zbekiston OAV, ayniqsa, TV kanallarining bu urush borasidagi o‘z qarashlari yo‘q. Ukraina OAV yoki boshqa ingliz tilidagi xalqaro telekanallarning O‘zbekiston xalqiga ta’siri esa mutlaq mavjud emas.

Demak, 36 millionlik katta maydon – Rossiya propagandasiga to‘liq qo‘yib berilgan. Muqobil axborot juda zaif yoki deyarli mavjud emas. To‘g‘ri, yil boshida boshqa xorijiy OAV TV paketlariga qo‘shildi. Lekin bu vaziyatni kuchli o‘zgartirmadi. Sababi – til bareri.

Aytish kerakki, ushbu urush boshlangan 2022 yil fevralida, Rossiya tarafdorlarining soni va salmog‘i ko‘proq edi. Taxmin qilamanki, 90 foiz aholi bu urushga Rossiya propagandasining ko‘zlari bilan qarar edi. Hozir, nazarimda, bu miqdor ancha kamaydi: balki 55-65 foiz tashkil qilar. Lekin baribir ko‘pchilik Rossiya argumentlariga ishonadi, qabul qiladi.

Xo‘sh, Rossiya propagandasining asosiy qarashlariga to‘xtalsak.

Birinchidan, nima uchun Rossiya axborot oqimini “propaganda” deb atash mumkin? Propaganda – bu shunday axborot oqimiki, haqiqat emas, yolg‘on ustuvor bo‘ladi. Ongli ravishda ba’zi ma’lumotlar yashiriladi. Insonlarga to‘g‘ri ma’lumot emas, maqsadli ma’lumot beriladi, ularni aldash ko‘zlanadi.

Demak, Rossiya OAV propaganda bilan shug‘illanyapti, sababi, bugun Rossiya telekanallarida axborot plyuralizmi yo‘q. Davlatning ichkarisidagi barcha OAV faqat bitta pozitsiyada, boshqa pozitsiyadagi qarashlar bilan davlat kurashyapti. Davlatda axborot plyuralizmi yo‘q bo‘larkan, bu davlat nodemokratik hisoblanadi, va axborot propaganda tusini olgan bo‘ladi.

Urush boshlangach, juda ko‘plab mustaqil va tanqidiy OAV yopildi, jurnalistlar hamda faollar Rossiyadan chiqib ketdi. Ba’zilari qamaldi. Rossiyaning axborot siyosati juda shiddatli va ayovsiz kurash tusini oldi. Kimki Kreml tomonidan aytilayotgan fikrlarga qo‘shilmasa, yoki tanqid qilsa, davlatning butun qahr-g‘azabiga uchrayapti.

Davlat axborot siyosati bir yoqlama bo‘lmasligi uchun, har xil qarashlar bo‘lishi kerak. Buning uchun, siyosiy plyuralizm bo‘lishi kerak. Misol uchun, AQShda aksar OAV Ukraina tarafdori bo‘lsa-da, Rossiya va Putinni himoya qiladigan siyosatchilar, OAV va faollar ham bor. Rossiyadan farqli, AQShda Putin tarafdorlarini hech kim repressiya qilmaydi, qila olmaydi.

Moskva “Ukrainaning NATOga kirishi – Rossiya uchun tahdid” deydi. Haqiqatda, sobiq SSSR qulashi bilan NATO ancha kengaydi. Lekin NATOga kirgan davlatlarning yagona motivi – o‘zlarini Rossiyadan va boshqa tahdidlardan himoya qilish bo‘ldi. NATO bu yangi a’zolarga yashirincha yoki oshkora bosim qilgani yo‘q.

Ukraina aytadiki: “Tarixan kim kimga tahdid qildi? Ukraina Rossiyani bosib, ikki asr davomida tutqin qildimi, yoki Rossiya Ukrainani bosib oldimi?” Ya’ni Ukrainaning asosiy motivi – o‘zini Rossiyadan qutqarish, Rossiyadan himoya qilish edi. Ukraina hech qachon Rossiyani bosib olmagan, lekin keyingi asrlarda Rossiya Ukrainani va boshqa ko‘plab qo‘shnilarini mustamlaka qilgan.

Rossiyaning NATO bilan muammolari qachon boshlandi? Qachonki, Putin hokimiyatda uzoq muddat qolishni niyat qildi, va Rossiya siyosiy tizimi avtoritarizm tomon og‘isha boshladi. 2000 yillar boshida, Putin NATO va AQSh bilan juda soz edi, hatto “NATOga a’zo bo‘lsakmi?” degan masalani ko‘targan edi.

Post-sovet hududida qaysi davlat demokratiya tomon yo‘l olsa, shu zahoti bu Rossiyaga yoqmadi. Pravoslav Gruziya demokratik islohotlar qildi va Rossiyaning qahriga uchradi. Ukrainada demokratik saylovlar bo‘ldi va Rossiyaga yoqmadi. Hatto bir umr Rossiyaning Kavkazdagi asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Armanistonda ham 2018 yilgi demokratik o‘zgarishlar Moskvaning Yerevanga munosabatini salbiylashtirdi.

Rossiya rejimi va propagandasining O‘zbekiston taraqqiyotiga salbiy ta’sirlari juda ko‘p bo‘ldi. Jumladan, bugun hatto o‘zbek intellektuallari orasida ham “bundan keyin demokratiya yaroqsiz!”, “liberalizm zamon talablariga javob bermaydi!” degan qarashlar kuchaydi. Rossiya, neft va gazga juda boy davlat sifatida, ushbu resurslardan olgan juda katta daromadni avtoritar dunyoqarash shakllantirishga sarfladi.

Bugun Rossiyada juda ko‘plab olimlar, davlatning buyurtmasiga ko‘ra, liberal-demokratiyaga qarshi g‘oyalar, loyihalar izlash bilan band. Rossiya, 20-asrning ikkinchi yarmidagi “sovuq urush” davridagi kabi, yana g‘arb bilan to‘liq kurashga kirishdi. Lekin bu safar O‘zbekiston mustaqil davlat bo‘lib, hali Rossiyaning axborot ta’siridan chiqishga ulgurmagan edik.

Rossiya-Ukraina urushi juda uzoq vaqt, yillar, ehtimolki o‘n yilliklar davom etadigan ko‘rinyapti. Garchi, urushning qizg‘in pallasi tugasa-da, g‘oyaviy-mafkuraviy kurash hali o‘n yilliklar davom etadi.

Demak, Rossiyaning propagandasi hali-beri yo‘qolmaydi. Mana shu fonda, O‘zbekiston davlati, o‘zining axborot mustaqilligi va ijtimoiy fikr suvereniteti haqida jiddiy o‘ylanishi kerak bo‘ladi. Boshqa chora yo‘q. Axborot mustaqilligisiz, siyosiy va geosiyosiy mustaqillik haqida gapirish – mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid