Sport | 18:08 / 01.10.2023
34864
9 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari kundaligi. Bir kunda yana uchta medal qo‘lga kiritildi

O‘zbekiston kurashchilari yana bir oltin va bir bronza medalga ega chiqishdi, yengil atletikachi Yekaterina Voronina O‘zbekiston hisobiga bitta kumush medal qo‘shib qo‘ydi. Endilikda O‘zbekiston delegatsiyasi 11 oltin, 12 kumush va 17 bronza bilan umumiy reytingda 5-o‘rinda bormoqda.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

1 oktyabr kuni kuni Hangjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlari doirasida navbatdagi bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Kun davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari 9 ta sport turida ishtirok etdi. Kun yakuniga kelib O‘zbekiston nomiga yana 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medallar qo‘shib qo‘yildi.

Bugun Timur Kapadze boshchiligidagi futbolchilar yarimfinal yo‘llanmasi uchun Saudiya Arabistoniga qarshi bahs olib borishdi, og‘ir atletika, kurash, yengil atletika dasturlarida sportchilar medallar uchun, bokschi qizlar esa yarimfinal hamda Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmalari uchun maydonga chiqishdi.

Kurash

Kurash bo‘yicha bahslarning ikkinchi kunida ham O‘zbekiston jamoasi medallar qo‘lga kiritdi. Shu kuni uch nafar o‘zbekistonlik kurashchi o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi. 

-81 kg vazn toifasida qatnashgan Umid Esonov nimchorak finalda viyetnamlik Le Duk Dongni mag‘lub etdi, chorakfinalda filippinlik Jakiyelou Eskapredan ustun keldi, yarimfinalda afg‘onistonlik Hassan Bayqaro to‘sig‘idan o‘tib, oltin uchun kurashda qozog‘istonlik Bekadil Shaymerdenovni yengdi hamda O‘zbekiston delegatsiyasiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.

-70 kg vazn toifasida qatnashgan Ravzaxon Adasheva ilk bosqichdayoq xitoylik Dan Yuga yutqazib, ishtirokini to‘xtatdi (uning raqibi yakunda oltin medalga ega chiqdi), shu vazn toifasidagi yana bir o‘zbekistonlik kurashchi Malikaxon Qahhorova yarimfinalgacha yetib keldi. U dastlab Koreya vakili Sunah Lini, keyin Saudiya Arabistoni vakili Vaydan Ubaydullohdan ustun keldi. Ammo final ostonasida eronlik Dunyo Og‘aiyga yutqazdi va bronza bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.

Kurashchilar 30 sentabr kungi bahslarda 3 ta oltin va 1 ta kumush medal qo‘lga kiritgandi va ayni vaqtda kurashchilar 6 ta medal bilan O‘zbekiston delegatsiyasidagi eng sermahsul jamoalardan biriga aylanishdi. Eng yaxshi natija dzyudochilar tomonidan qayd etilgan - 3 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza, shuningdek, eshkakchilarda 2 ta oltin, 4 ta kumush, 1 ta bronza, taekvondoda 1 ta oltin, 1 ta kumush, 4 ta bronza olingan.

Boks

O‘zbekiston boks jamoasida yo‘qotishlar davom etmoqda. -57 kg vazn toifasi vakili Sitora Turdibekova chorakfinalda hindistonlik Parvinga yutqazib qo‘ydi (0:5). U nimchorak finalda pokistonlik Fotima Zahroni mag‘lub etgandi, ammo turnirni medalsiz yakunlaydigan bo‘ldi.

-80 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan To‘rabek Habibullayev esa yarimfinal masalasini hal qildi. U saralashda nepallik Dipak Shreshtrani yenggan (5:0), nimchorak finalda saudiyalik Muhammad Alsubhini birinchi raunddayoq nokautga uchratgandi. Chorakfinalda iordaniyalik kuchli sportchi, amaldagi Osiyo chempioni Husayn Yashashni turnirdan chiqarib yubordi. Uning final uchun jangi 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

-60 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Rayhona Qodirova ham turnirdagi ishtirokini yakunladi. U nimchorak finalda qatarlik Dana Al-Jabrni texnik nokaut bilan mag‘lub etgandi, ammo chorakfinalda Taybey vakili Vu Shihyiga yutqazib qo‘ydi - 2:3. 

Futbol

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi ortidan erkaklar jamoasi ham yarimfinalga chiqdi. Saudiya Arabistoniga qarshi kechgan chorakfinal bahsida Mirazamat Mirsaidov va Alisher Odilovning gollari g‘alabani ta’minladi - 2:1.

Bu O‘zbekiston olimpiya jamoasi 29 yillik tanaffusdan keyin ilk bor Osiyo o‘yinlari yarimfinaliga chiqishi bo‘ldi. 1994 yili Xirosimada o‘tgan turnirda Rustam Akramov va Birodar Abduraimov murabbiyligidagi jamoa Osiyo O‘yinlari g‘olibiga aylangandi. Shundan keyin olimpiyachilar turnirda olti bor muvaffaqiyatsizlikka uchragandi, yettinchi urinishda yarimfinal zabt etildi.

Endi Timur Kapadze shogirdlari 4 oktyabr kuni Janubiy Koreyaga (koreyaliklar chorakfinalda Xitoyni 2:0 hisobida mag‘lub etdi) qarshi yarimfinal bahsida maydonga tushadi. Yarimfinalning ikkinchi juftligi O‘zbekistonning guruhdoshi Hongkong (bu jamoa sensatsion ravishda Eronni turnirdan chiqarib yubordi - 1:0) va Yaponiya tomonidan hosil qilindi (yaponlar chorakfinalda shimoliy koreyaliklarni 2:1 hisobida mag‘lub etishdi). 

Baydarka va kanoeda eshkak eshish

O‘zbekiston jamoasi bugungi saralash bahslarini muvaffaqiyatli boshladi. Dastlab ayollar o‘rtasida 200 metrga kanoyeda eshkak eshish dasturida qatnashgan Shohsanam Sherzodova o‘z guruhida uchinchi natija bilan finalga yo‘l oldi.

Baydarkada eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zosi Madina Ashrafoxonova 500 metr masofaga kechgan saralash bahsida to‘rtinchi o‘rinni oldi va yarimfinalga chiqish uchun qo‘shimcha guruhda qatnashdi va bu guruhdagi birinchi natija orqali yarimfinalga o‘tdi.

So‘nggi dasturda startga chiqqan baydarkachi yigitlar kvarteti ham final masalasini ijobiy hal qilishdi. 500 metrga kechgan saralashda D.Onufriyev, U.Ibragimov, S.Haydarov va O.Amrdiddinovdan iborat jamoa uchinchi natija qayd etdi.

Suv polosi

Suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi guruhdagi to‘rtinchi o‘yinida ham yutqazdi - Qozog‘istonga qarshi bahs 8:16 hisobida yakunlandi. Bungacha Xitoy (5:33), Tailand (11:17) va Yaponiyaga (7:37) ham imkoniyat boy berilgandi.

Shaxmat

Shaxmat bo‘yicha jamoaviy bahslarning 3-turida O‘zbekiston erkaklar jamoasi Viyetnam vakillarini 3:1 hisobida mag‘lub etishdi. O‘zbekistonliklar 1-turda Qirg‘izistonni 3:1 hisobida yenggan, 2-turda Hindiston vakillari bilan 2:2 hisobi qayd etilgandi. Ayni vaqtda O‘zbekiston jamoasida 8 ochko jamg‘arilgan, jamoaning asosiy raqibi Hindistonda 8,5 ochko.

Ayollar jamoasi 3-turda viyetnamliklarga 1,5-2-5 hisobida yutqazdi. Oldingi turlarda Xitoy va Filippinga qarshi bahslarda 2:2 hisoblari qayd etilgandi.

4-turda erkaklar jamoasi Eron, ayollar jamoasi Janubiy Koreya vakillariga qarshi dona suradi.

Og‘ir atletika

67 kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi dast ko‘tarishda 137 kg, siltab ko‘tarishda 179 kg og‘irlikdagi toshni ko‘tardi va to‘rtinchi o‘rinni egalladi. E’tiborli jihati, uning natijasi uchinchi o‘rinni egallagan janubiy koreyalik Li Sangeonnikidan bir kilogrammga kamroq bo‘ldi - koreyalik atlet dast ko‘tarishda 137, siltab ko‘tarishda 180 kg natija qayd etdi. Bu vaznda birinchi o‘rinni xitoylik Chen Lijun (150+180, rekord), ikkinchi o‘rinni KXDR vakili Ri Vonju (141+180) egalladi.

Yengil atletika

Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zosi Yekaterina Voronina Osiyo o‘yinlarida ikkinchi medaliga sazovor bo‘ldi. 

Ushbu sportchi ko‘pkurash bo‘yicha musobaqalarni 100 metrga to‘siqlar osha yugurish yo‘nalishida 14.48 soniya natija qayd etib, o‘z hisobiga 912 ochko yozib qo‘yish bilan boshladi (o‘z guruhida ikkinchi o‘rin). Balandlikka sakrash dasturida esa 1.82 metr natija bilan 1003 ochkoga ega bo‘ldi va bu borada eng yuqori natijani qayd etdi. Voronina har ikki dasturda mavsumdagi eng yaxshi natijasini ko‘rsatdi.

Keyin esa yadro uloqtirishda 12.98 metr (726 ochko) natija ko‘rsatib, uchinchi bo‘ldi. 200 metr masofaga yugurishda 25.45 soniya bilan (846) o‘z guruhida ikkinchi bo‘lib keldi.

Uzunlikka sakrashda 5.95 metr (834 ochko), nayza uloqtirishda esa 49.76 metr (855) natija qayd etib, tonggi dasturdan keyin ikkinchi o‘rinda joylashgandi va yakunda ham bu o‘rinni boy bermadi.

Kechki dasturda 800 metrga yugurish bahslari bilan g‘olib va sovrindorlar aniqlab olindi. O‘zbekistonlik yengil atletikachi bu masofaga 2:15.91 daqiqada yetib keldi va 880 ochko ishladi, yakunda 6056 ochko bilan kumush medal sohibiga aylandi. Birinchi o‘rinni xitoylik Jyeng Ninali (6149), uchinchi o‘rinni hindistonlik Nandini Agasara egalladi.

Ma’lumot uchun, Voronina Incheon-2014 Osiyo o‘yinlarida oltin medalga sazovor bo‘lgandi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi 11 oltin, 12 kumush va 17 bronza bilan umumiy reytingda 5-o‘rinda bormoqda.

Mavzuga oid