Xorazmda 9-sinf o‘quvchilari sholi o‘rimiga jalb qilindi
Bolalarning aytishicha, ularni dalaga maktab direktori yuborgan. Kun.uz direktor va sholi ekkan fermer tug‘ishgan aka-ukalar ekanini aniqladi. Rasmiylar esa bunga direktorning aloqasi yo‘qligini bildirib, faqat fermerning harakatlariga huquqiy baho berilishini aytmoqda.
Kun.uz ixtiyoriga Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi 19-maktab o‘quvchilari sholi o‘rimiga olib chiqilgani aks etgan video kelib tushdi. Uni yuborgan fuqaro o‘quvchilar maktab direktori tomonidan majburan dalaga olib chiqilganini aytadi.
Ma’lum bo‘lishicha, holat Qo‘shko‘pir tuman prokuraturasi va tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamkorligida o‘rganilgan.
Davlat mehnat huquq inspektorining xulosa qilishicha, maktabning 9A-sinf o‘quvchilari A.Qo‘chqarov, B.Shavkatov, A.Otaboyev va B.Otaboyevlar tumandagi “Ibrohim baliqchi” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan sholi dalasida dars mashg‘ulotlaridan so‘ng, fermer xo‘jalik rahbari K.Xudayberganovning taklifiga asosan, ma’lum bir haq evaziga, dalada o‘rilgan sholini to‘plash ishlarini bajarishgan.
Maktab direktori tomonidan voyaga yetmagan o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilingani holati o‘z tasdig‘ini topmagan. O‘quvchilarning yoshini inobatga olmasdan, mehnat qilishga yo‘l qo‘yib bergan fermer xo‘jaligi rahbarining harakatlariga huquqiy baho berilishi aytilgan.
Kun.uz'da mavjud ma’lumotga ko‘ra, Qo‘shko‘pir tumanidagi 19-maktabga Xudoyberganov Anvar Quronboyevich rahbarlik qiladi.
Bolalar mehnatga jalb etilgan “Ibrohim baliqchi” fermer xo‘jaligiga esa, korxona va tashkilotlar reyestriga ko‘ra, Xudayberganov Rustam Quranbayevich rahbarlik qiladi.
Qolaversa, Kun.uz ixtiyorida mavjud videoda, sholi dalasida yurgan o‘quvchilar: “Darsdan chiqib keldik , maktab direktori Anvar og‘a yubordi”, deyishadi.
Rasmiy munosabatda 4 nafar bola dalaga chiqqani aytiladi. Ammo videoda ular 10 nafarga yaqin bo‘lganini ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston konstitutsiyasiga asosan, mamlakatda bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodkesning 49-1-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxs mehnatidan uning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish – BHMning 20 baravari (6,6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mavzuga oid
14:01 / 13.10.2024
“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?
12:08 / 27.09.2024
Xorazmda MChJ mas’ul shaxslari ijtimoiy soha obektlariga beriladigan ko‘mir uchun ajratilgan pullarni o‘zlashtirdi
16:06 / 08.08.2024
Xorazm viloyatining ikki tumaniga yangi hokimlar tayinlandi
08:26 / 10.07.2024