Jahon | 22:12 / 05.10.2023
11012
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda koronavirusning yangi «Eris» shtammi aniqlandi 

Mamlakatning barcha hududlarida yangi shtamm bilan kasallanganlar aniqlangan. 

Foto: Getty Images

Qozog‘istonda «Omikron» koronavirusining yangi «Eris» shtammi aniqlandi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Ajar Giniyat so‘zlariga ko‘ra, yaqinda o‘tkazilgan genetik tadqiqotlar shunday natijani ko‘rsatgan. 

«O‘tgan yilning shu davriga nisbatan kasallanish darajasi pasayib borayotganiga qaramay, o‘tgan oy natijalariga ko‘ra, o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, «Eris» shtammi Qozog‘istonga kirib kelgan. Umuman olganda, biz har oyda COVID-19 genetik tahlilini o‘tkazamiz», dedi Giniyat. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, virus Qozog‘istonning barcha hududlarida aniqlangan. 

«Agar biz o‘tgan oyda Qozog‘istonda bunday tur yo‘qligini aytgan bo‘lsak, endi sinov natijalariga ko‘ra uning borligini aniqlayapmiz», dedi Ajar Giniyat. 

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, «Omikron» va uning kichik turlari bilan kasallanish yengil yoki o‘rtacha darajada o‘tmoqda. Hozir shifoxonalarda COVID-19 tashxisi qo‘yilgan 35 kishi bor. 

«Eris» birinchi marta 2023 yil fevralida aniqlandi. Yangi shtammning alomatlari o‘tkir respirator virusli infeksiyalar yoki koronavirusning boshqa turlaridan deyarli farq qilmaydi. Ular: bosh og‘rig‘i, tumov, yo‘tal, umumiy zaiflik, tomoq og‘rig‘i, isitma. 

JSST ma’lumotiga ko‘ra, virusning ushbu varianti avvalgilarga qaraganda tezroq tarqaladi va vaqt o‘tishi bilan dominant bo‘lib qolishi mumkin. Ammo, faol tarqalish tezligiga va immunitet tizimini «aylanib o‘tish» qobiliyatiga qaramay, bu shtamm og‘irlik darajasiga ko‘ra boshqalaridan farq qilmaydi. 

Mavzuga oid