O‘zbekiston | 11:12 / 06.10.2023
15137
2 daqiqa o‘qiladi

Qatar O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qildi

Endilikda qaytish chiptasiga ega hamda xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati 6 oydan kam qolmagan O‘zbekiston fuqarolari Qatarga vizasiz borishi mumkin. Joriy yil 5 iyundan Qatar fuqarolari uchun ham O‘zbekistonga kirishda 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilingan. 

Qatar hukumatining elektron viza berishga mo‘ljallangan rasmiy portalida O‘zbekiston ushbu mamlakatga vizasiz kirish mumkin bo‘lgan 101 ta davlatlar qatorida turibdi. Ma’lum qilinishicha, Qatarga vizasiz kirishning bir qancha shartlari bor.

Xususan, xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati 6 oydan kam qolmasligi hamda tashrif buyuruvchida qaytish yoki boshqa davlatga chiqib ketish chiptasi bo‘lishi kerak. Shuningdek, o‘zbekistonliklar ushbu mamlakatda 30 kun davomida vizasiz qola oladi.

Joriy yil iyun oyida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamadning O‘zbekistonga tashrifi arafasida Qatar fuqarolari uchun ham O‘zbekistonga kirishda vizasiz rejim joriy qilingan edi.

Ushbu farmonga asosan, qatarliklar 30 kunlik muddatga vizasiz rejim asosida O‘zbekistonga kirishi mumkin.

21 avgustdan Centrum Air aviakompaniyasi O‘zbekiston hamda Qatar poytaxtlari o‘rtasida dastlabki to‘g‘ridan to‘g‘ri, charter reyslar yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilgan edi. Ayni vaqtda elektron bilet sotuvchi platformalar Toshkent-Doha yo‘nalishda to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid