O‘zbekiston | 16:46 / 07.10.2023
19453
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyati bosh imomi o‘z arizasiga ko‘ra ishdan olindi

Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov o‘z arizasiga binoan vazifasidan ozod etilib, unga “Faxriy imom” maqomi berildi. Viloyatga Namangan shahar bosh imomi lavozimida ishlayotgan Musoxon qori Abbosiddinov yangi bosh imom-xatibi etib tayinlandi.

7 oktabr kuni Namangan viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov o‘z arizasiga binoan vazifasidan ozod etilgan hamda unga “Faxriy imom” maqomi berildi.

Abdulhay Tursunov (rasmda o‘ngda)

Namangan viloyati bosh imom-xatibi lavozimiga Namangan shahar bosh imomi va “Yusufxon o‘g‘li Qosimxon” jome masjidi imom-xatibi bo‘lib ishlayotgan Musoxon qori Abbosiddinov tayinlandi.

Musoxon qori Abbosiddinov

Musulmonlar idorasiga ko‘ra, Musoxon qori Abbosiddinov Namangan shahridagi “Hidoya” madrasasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tahsil olgan. Qur’oni karimni to‘la yod olib, Hofizi Qur’on darajasiga yetgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bir muddat faoliyat yuritgan. 2010 yildan buyon Namangan shahar bosh imom-xatibi vazifasida mehnat qilib kelayotgan edi.

Mavzuga oid