O‘zbekiston | 12:55 / 07.10.2023
31413
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 6-sinf o‘quvchisi jismoniy tarbiya darsi vaqtida vafot etdi

6 oktyabr kuni jismoniy tarbiya darsi vaqtida 6-sinf o‘quvchisi ko‘krak qafasiga koptok tegishi natijasida hushini yo‘qotgan. Yunusobod tumanidagi 7-sonli klinik shifoxonada tez tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay, o‘quvchi vafot etgan.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi maktabda o‘quvchi jismoniy tarbiya darsi vaqtida vafot etgani to‘g‘risida xabar tarqaldi. Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, hodisa 259-maktabda yuz bergan. 

2023 yil 6 oktyabr kuni soat 11:10 larda dars jadvali asosida  6-d sinfida 4-soat jismoniy tarbiya darsida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi M.K. yillik ish rejasiga asosan «Futbol amaliyoti. To‘p bilan harakatlanish» mavzusida dars o‘tayotgan bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, shu vaqtda sinf o‘quvchisi, 2011 yil 23 martda tug‘ilgan M.S. ko‘krak qafasiga koptok tegishi natijasida hushini yo‘qotgan.

O‘quvchi tumandagi 7-sonli klinik shifoxonasiga olib borilgan. Shifokorlar tomonidan tez tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay u vafot etgan.

Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, M.S.ga yurakning reflektor to‘xtashi, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi, yurak gipertrofiyasi, yurak tug‘ma nuqsoni tashxisi qo‘yilgan.

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi noxush holat oqibatida hayotdan bevaqt ko‘z yumgan o‘quvchining ota-onasi va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

Mavzuga oid