Davlat va jamoat arbobi Nazir Rajabov vafot etdi
U o‘z vaqtida O‘zbekiston SSR qurilish vaziri bo‘lgan, o‘tgan asrning 80-yillarida Namangan va Samarqand viloyatlariga rahbarlik qilgan.
Taniqli davlat va jamoat arbobi Nazir Rajabov 84 yoshida olamdan o‘tdi. Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati ushbu munosabat bilan ta’ziyanoma e’lon qildi.
Nazir Rajabov 1939 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. O‘rta Osiyo politexnika institutini muhandis-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. So‘ng turli yillarda turli sohalarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan, 1975–1977 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Buxoro viloyat qo‘mitasi – viloyat qo‘mitasi kotibi bo‘lgan, 1978–1984 yilldarda qurilish vazirligini boshqargan.
1984–1987 yillarda Namangan viloyatini, 1987–1988 yillarda esa Samarqand viloyatiga rahbarlik qilgan.
1988 yil oktyabrida, «paxta ishi» avj olgan davrda lavozimidan ozod etilib, hibsga olingan va 9 oyni qamoqda o‘tkazgan. Tergov jarayonida unga qo‘yilgan ayblovlar tasdiqlanmagan va jinoyat ishi tugatilgan.
«Shu davrlarda har ikki viloyatda ham keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda katta yutuqlarga erishildi.
Xalqimizda dunyo yaxshi insonlarga suyanadi, degan gap bor. Ammo bu yaxshilar orasida ham Xudo nazar qilganlari, iqtidorli va noyob zakovat egalari mavjud. Qirq besh yoshidayoq viloyatning birinchi rahbari, mamlakat va respublika davlat mukofoti sohibi bo‘lgan Nazir Rajabov ana shunday mo‘jizaviy xislatli insonlardan biri edi.
Namanganliklar qalbida Nazir Rajabovning yorqin xotirasi abadiy saqlanadi», deyiladi viloyat hokimligi xabarida.
- Joriy yil oktyabr oyi boshida ham Namangan viloyatini 1996–2004 yillarda boshqargan To‘lqin Jabborov 73 yoshida vafot etgani xabar qilingandi.