Jahon | 11:14 / 13.10.2023
25207
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: G‘azodagi qirg‘inni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi

Isroil-Falastin ziddiyatiga munosabatimiz adolat va halollikka asoslangan, dedi Turkiya rahbari.

Foto: AP

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Beshtepa Milliy kongress va madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan Turkiya Yoshlar jamg‘armasining (TÜGVA) tashkiliy yig‘ilishida ishtirok etdi.

Prezident nutq so‘zlab, Isroil-Falastin mojarosiga alohida e’tibor qaratdi.

«Biz asrlar davomida adolatdan voz kechmagan xalqmiz. Isroil-Falastin ziddiyatiga munosabatimiz adolat va halollikka asoslangan», - dedi Erdo‘g‘an.

U AQShning bu boradagi pozitsiyasini tanqid qilib, dunyoning barcha davlatlarini tinchlikka erishish uchun harakat qilishga chaqirdi.

«Amerika kabi davlat uchun nima ko‘proq mos keladi? U tinchlik o‘rnatishga intilyaptimi yoki olovni yanada kuchaytiryaptimi?» - dedi prezident.

Erdo‘g‘an butun dunyo e’tiborini qamaldagi G‘azo sektorida og‘ir humanitar vaziyatga qaratdi:

«G‘azoda suv ham, non ham, oziq-ovqat ham yo‘q. Bu Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga ziddir. G‘arb qayerga qarayapti? Ular hozirgacha qanday choralar ko‘rdi? Hech qanday!»

Har qanday urush ma’lum qonun-qoidalarga ko‘ra olib borilishi kerakligini ta’kidlagan prezident Erdo‘g‘an G‘azoning bombardimon qilinishini qirg‘inga qiyosladi.

«G‘azodagi qirg‘inni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi», dedi u.

«G‘azoning 2 million aholisiga elektr, suv, yonilg‘i va oziq-ovqat ta’minotini uzib qo‘yish g‘ayriinsoniylikdir va urush qoidalarida bunday narsa yo‘q», - dedi Erdo‘g‘an.

Unga ko‘ra, davlatlar qonunlarga rioya qilishi va buning uchun javobgarlikni zimmasiga olishi shart: «Guruhlardan farqli o‘laroq, davlatlar urush qonunlari va inson huquqlarini hurmat qilishga majbur. Bu chegara asta-sekin yo‘qolib borayotganini ko‘ryapmiz».

Prezident ta’kidlashicha, hozir eng muhim vazifa keskinlikni pasaytirish, tinchlik o‘rnatishdir.

«Biz mojarolar mintaqamizga tarqalishini istamaymiz. Mintaqada ovozi va ta’siri bo‘lganlarni keskinlikni pasaytirishga, kimnidir ko‘r-ko‘rona qo‘llab-quvvatlamaslikka chaqiramiz», - dedi Erdo‘g‘an.

Mavzuga oid