Jahon | 09:15 / 13.10.2023
6808
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya Moldovaning YeIga a’zolik yo‘lidagi yutuqlari haqida ma’lum qildi

«Moldovaning olg‘a intilish qat’iyati meni hayratda qoldirdi», dedi Ursula fon der Lyayyen Kishinyovga tashrifi chog‘ida. U Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun «sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirish»ga chaqirdi.

Foto: Picture Alliance

12 oktyabr, payshanba kuni Kishinyovga kelgan Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen Moldovaning Yevropa integratsiyasi jarayonidagi muvaffaqiyatini olqishladi va mamlakatni bu sa’y-harakatlarni davom ettirishga chaqirdi.

«Siz ajoyib o‘zgarishlar ko‘rsatyapsiz. Moldovaning olg‘a intilish qat’iyati meni hayratda qoldirdi, - dedi u Moldova prezidenti Mayya Sandu bilan qo‘shma matbuot anjumanida. - Endi diqqatni jamlash va barcha sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirish vaqti keldi. Siz buni qila olasiz».

Fon der Lyayyen: Yevropa Ittifoqining Moldova bilan birdamligi qat’iydir

Fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya noyabr oyi boshida YeI kengayishi bo‘yicha yillik hisobotini taqdim etadi. «Boshqalar qatorida, Moldovaning nomzod davlat sifatidagi taraqqiyoti baholanadi. Va bu baholash dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan Yevropa kengashi sammitidagi hal qiluvchi muhokamalarda qo‘llanadi», dedi YeK rahbari va «bu munozaralar Yevropa Ittifoqi bo‘lajak a’zosi sifatidagi rolga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi».

Shu bilan birga, fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqining Moldova bilan birdamligi mustahkam ekanligiga ishontirdi. 2021 yil oktyabr oyidan beri YeI Moldovaga 1,2 milliard yevro miqdorida «misli ko‘rilmagan moliyaviy yordam» taqdim etdi, deya eslatdi u. Bu yil qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi, deb va’da berdi Yevrokomissiya raisi.

Mavzuga oid