Jahon | 09:05 / 16.10.2023
8267
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Eronni Yaqin Sharqdagi vaziyatni keskinlashtirmaslik haqida ogohlantirdi

HAMAS harakatini ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlayotgan Eron hukumati Isroilga G‘azo sektoriga hujumlarni davom ettirsa, «oqibatlar» bilan tahdid qilgan.

Daniel Cole/Pool via REUTERS

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron eronlik hamkasbi Ibrohim Raisiy bilan telefon orqali suhbatda uni Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirmaslik haqida ogohlantirdi. Bu haqda 15 oktyabr, yakshanba kuni Yelisey saroyi ma’lum qildi.

«Respublika prezidenti prezident Raisiyni mojaroning har qanday avj olishi yoki tarqalishidan, ayniqsa Livan masalasida ogohlantirdi. Uning «Hizbulloh» va HAMAS bilan aloqalarini inobatga olgan holda, Eron bu borada mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi», - deya ma’lum qildi Fransiya davlat rahbari matbuot xizmati. Tehron «mintaqaviy vaziyat keskinlashishining oldini olish uchun hamma narsani qilishi kerak», deya qo‘shimcha qildi Parij. 

Eron Isroilga HAMAS tomonida urushga kirishi bilan tahdid qildi 

Avvalroq HAMAS harakatlarini ochiq qo‘llab-quvvatlayotgan Eron Isroilni G‘azo sektoriga hujumlarini davom ettirsa, «oqibatlar» to‘g‘risida ogohlantirgan edi. Tehron jamoatchilikni ogohlantirdi va BMT kanallari orqali Isroilga shaxsiy xabar yubordi, unda agar Isroil G‘azo sektorida HAMASni yo‘q qilish kampaniyasini davom ettirsa, mojaroga aralashishi mumkinligi haqida ma’lum qildi, deb yozadi The Jerusalem Post. 

Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyyan yaqinda Livanda BMTning Yaqin Sharqdagi vaziyatga yechim topish bo‘yicha koordinatori Tor Vennesland, keyin esa Qatarda HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya bilan uchrashdi. Ikkinchi uchrashuvda Isroilga hujum qilish va harakat maqsadlariga erishish uchun hamkorlikni davom ettirish muhokama qilindi, deya qayd etdi The Jerusalem Post HAMAS bayonotiga tayanib. 

Mavzuga oid