O‘zbekiston | 20:57 / 19.10.2023
9006
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident huzurida 2024 yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozlar muhokama qilindi 

Yalpi ichki mahsulotning hozirgi o‘sish sur’atini kelgusi yilda ham davom ettirish uchun barcha imkoniyat va zaxiralar borligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2023 yilning 9 oyida erishilgan iqtisodiy natijalar, yil yakunigacha kutilayotgan ko‘rsatkichlar va 2024 yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozlar muhokama qilindi. 

Qayd qilinishicha, joriy yilning 9 oyida O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,8 foizga o‘sdi. Jumladan, sanoat 5,7 foiz, qishloq xo‘jaligi 4,1 foiz, xizmatlar 12,1 foizga oshdi. Jahon bozorlari va logistikadagi murakkabliklarga qaramay, eksport 23,5 foizga oshib, 17,7 milliard dollarni tashkil qildi. 

Iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududlarda yirik sanoat va infratuzilma loyihalari amalga oshirilayotgani hisobiga, 226,6 trillion so‘m investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,8 foizga ko‘paydi. 

Yig‘ilishda joriy yil yakunigacha kutilayotgan ko‘rsatkichlar tahlil qilindi. Davlat rahbari dunyodagi og‘ir vaziyat iqtisodiyotga salbiy ta’sir etayotgani va noma’lumligicha qolayotgani, shu bois barqaror iqtisodiy o‘sishni izchil davom ettirish uchun ichki imkoniyatlarni ko‘proq ishga solish zarurligini ta’kidladi. Aynan shuning uchun 2023 yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i 15 foizdan 12 foizga tushirilgan edi. Buning evaziga tadbirkorlar ixtiyorida 7 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldi. 

Shuningdek, hududlar infratuzilmasini yaxshilashga 35 trillion so‘m, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga 19 trillion so‘m yo‘naltirildi. Natijada milliy iqtisodiyot kamida 5,6 foizga oshishi kutilmoqda. 

Yig‘ilishda 2024 yilda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish chora-tadbirlari atroflicha muhokama qilindi. Hukumatga 2024 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturni «O‘zbekiston–2030» strategiyasidagi vazifalarni bajarish nuqtai nazaridan puxta ishlab chiqish topshirildi. 

Bunda yalpi ichki mahsulotning hozirgi o‘sish sur’atini kelgusi yilda ham davom ettirish uchun barcha imkoniyat va zaxiralar borligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Xususan, 2024 yilda 13 milliard dollarlik 300 dan ziyod loyihani ishga tushirish, energiya ta’minotini barqarorlashtirish, tarmoqlar samaradorligi oshirish hisobiga sanoatda 6 foiz o‘sish imkoniyati bor. 

Xizmatlar sohasida 15 foiz o‘sishni ta’minlash uchun transport, logistika, agro-xizmatlar, sug‘urta, lizing kabi yo‘nalishlardagi foydalanilmayotgan imkoniyatlarni to‘liq ishga solish zarurligi qayd etildi. 

Davlat rahbari transport, suv xo‘jaligi, kommunal kabi sohalarda boshlangan islohotlarni faollashtirish, bunda aholi va biznesni qo‘llab-quvatlashga alohida ahamiyat qaratish zarurligini ta’kidladi. 

Mavzuga oid